“Ko`zi ojiz va zaif ko`ruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda ta`lim berish sifatini oshirish hamda ular faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi
Qarorga ko`ra, ko`zi ojiz va zaif ko`ruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar Ichki ishlar vazirligiga biriktirilib, “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari (“Nurli maskan” maktablari) deb nomlandi.
Respublika ko`z kasalliklari klinik shifoxonasi, Respublika ixtisoslashtirilgan ko`z mikroxirurgiyasi markazi, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti hamda boshqa tibbiy muassasalarning malakali shifokorlari jalb etilgan holda, “Nurli maskan” maktablari o`quvchilarini davolash-sog`lomlashtirish va reabilitasiya qilish amaliyoti yo`lga qo`yiladi.
Shuningdek, barcha “Nurli maskan” maktablari hududiga videokuzatuv moslamalari o`rnatilib, ular tegishli hududiy ichki ishlar organlariga integrasiya qilinadi.
2022/2023 o`quv yilidan:
- “Nurli maskan” maktablarining Brayl yozuvidagi darsliklar va o`quv qo`llanmalar, badiiy hamda bolalar uchun mo`ljallangan adabiyotlar, turli ixtisoslik va yo`nalishlardagi bosma va audiokitoblarga ehtiyoji har 6 oyda o`rganiladi va shu asosda adabiyotlar ro`yxati shakllantirib boriladi;
- ko`zi ojiz va zaif ko`ruvchi bolalar uchun belgilangan viloyat va respublika fan olimpiadalari bitiruvchi sinflar o`quvchilari uchun alohida tashkil etiladi;
- “Nurli maskan” maktablari o`quvchilari uchun axborot texnologiyalari, xorijiy tillar, kasb-hunar va tadbirkorlikni o`rgatish bo`yicha o`quv kurslari tashkil etiladi;
- OTMning tegishli ixtisoslik va yo`nalishlari bo`yicha Brayl alifbosi asosidagi adabiyotlarni chop etish tizimi yo`lga qo`yiladi;
- ko`zi ojiz va zaif ko`ruvchilar uchun darsliklar va o`quv-metodik majmualar chop etuvchi nashriyot-matbaa korxonalari bilan deklarasiya qilingan narxlar asosida belgilangan tartibda shartnomalar tuzishga ruxsat beriladi.
2022 yil sentyabrdan “Nurli maskan” maktablarida o`g`il va qiz bolalar uchun alohida zamonaviy jihozlangan ijtimoiy va maishiy yo`nalishdagi majmua (o`quv ustaxona)lar tashkil etiladi.
Shuningdek, inklyuziv ta`lim tizimi joriy qilingan ta`lim muassasalarida ko`zi ojiz va zaif ko`ruvchi bolalarning yaqin qarindoshlariga ular bilan birga darslarda qatnashish imkoniyati yaratiladi.
2022 yil yakunigacha “Nurli maskan” maktablari uchun o`zbek nutq sintezatori va boshqa semantik-eshitish vositalari bilan hamohang ravishda milliy dizayndagi maxsus kompyuter dasturlari yaratiladi va o`quv jarayoniga tatbiq qilinadi.
2022/2023 o`quv yilidan ko`zi ojiz va zaif ko`ruvchi bolalar hamda tayanch harakat a`zolari shikastlangan bolalarning ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda paralimpiya sport turlari (dzyudo, futbol, engil atletika) bilan mukammal shug`ullanishi uchun sport guruhlari tashkil qilinadi.
2022 yil 1 oktyabrdan “Nurli maskan” maktablari negizida ko`zi ojiz bolalarni maktabga tayyorlovchi bir yillik muddatli tayyorlov guruhlari faoliyati yo`lga qo`yiladi.
2022 yil yakunigacha “Nurli maskan” maktablari hududida “Yo`l harakati qoidalarini o`rgatish maxsus maydoncha”lari tashkil etilib, ko`zi ojiz va zaif ko`ruvchi bolalar yashaydigan hududlarda ovozli svetoforlar va innovasion yo`l belgilarini o`rnatish choralari ko`riladi.






