AQShning O`zbekistondagi elchisi Deniel Rozenblyum O`zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo`shinlariga 50 ta Toyota Hilux va Fortuner rusumli avtomashina topshirdi, deya xabar qilgan Qo`shma Shtatlarning Toshkentdagi diplomatik vakolatxonasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.
Chegara qo`shinlari nomidan avtomashinalarni qo`mondon o`rinbosari, polkovnik Baxtiyor Mansurov qabul qilib oldi. Ushbu transport vositalari AQSh davlat departamenti moliyalashtiruvchi Yadro qurollarini tarqatmaslik va qurolsizlanish jamg`armasi doirasida sovg`a qilindi. Qiymati 2,25 mln dollarga teng avtomashinalar AQShning xavfsizlik sohasida O`zbekistonga ko`rsatayotgan yordamining bir qismi hisoblanadi.
«2001 yilda AQSh va O`zbekiston ilk bor mudofaa sohasi va qurollar tarqalishining oldini olish to`g`risidagi bitimni imzolagandan buyon mamlakatlarimiz yadroviy, biologik, kimyoviy va radiologik materiallar tarqalishiga qarshi kurashish, shuningdek, chegara xavfsizligini mustahkamlash bo`yicha to`la huquqli sherik bo`lib kelmoqda. Bugun biz hamkorligimizning navbatdagi bosqichini nishonlashdan mamnunmiz va umid qilamizki, topshirilayotgan avtomashinalar O`zbekiston davlat chegarasi va «yashil chegara»ni qo`riqlashda chegara qo`shinlarining imkoniyatlarini oshiradi hamda chegaradagi voqea-hodisalarga tezkor javob qaytirish imkonini beradi,» — dedi elchi Rozenblyum o`z nutqida.
Ma`lumot uchun, 1994 yili tashkil etilgan Yadro qurollarini tarqatmaslik va qurolsizlanish jamg`armasi AQSh hukumatiga zudlik bilan qaror qabul qilishni talab etuvchi qurol tarqalishining oldini olish va qurolsizlanish sohasidagi kutilmagan va murakkab vaziyatlarda operativ javob qaytarishga imkon yaratadi. Ushbu jamg`arma ishni ishonchli, xavfsiz va tejamkorlik bilan amalga oshirishda strategiya ishlab chiqish, muzokaralar olib borish, dasturlarni boshqarish, moliyaviy operasiyalar va shartnomalarni bajarish bo`yicha katta tajribaga ega.