AsosiyJamiyat

Senatning yigirma beshinchi yalpi majlisi 28 aprel kuni chaqiriladigan bo`ldi

'Senatning yigirma beshinchi yalpi majlisi 28 aprel kuni chaqiriladigan bo`ldi'ning rasmi

20 aprel kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo`lib o`tdi. Uni Senat Raisi Tanzila Narbaeva olib bordi.

Majlis Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlar hududlarda o`rganishlar olib borayotganliklari tufayli onlayn shaklda o`tkazildi. Unda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisini 2022 yil 28 aprel kuni chaqirish to`g`risida qaror qabul qilindi.

Videokonferensaloqa shaklida ikki kun davom etadigan yalpi majlisda bir qator masalalar ko`rib chiqilishi nazarda tutilgan.

“Pochta aloqasi to`g`risida”gi, “Ichimlik suvi ta`minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to`g`risida”gi, “Qo`riqlash faoliyati to`g`risida”gi, “Xalqaro tijorat arbitraji to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi, “Ko`p kvartirali uylarni boshqarish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, “O`zbekiston Respublikasida tibbiy-ijtimoiy xizmatlar tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartishlar kiritish to`g`risida”gi, “Qurol to`g`risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi, “O`simliklar karantini va himoyasi to`g`risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi qonunlarni muhokama etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, senatorlar tomonidan 2022–2026 yillarga mo`ljallangan Yangi O`zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug`lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2022 yil I choragidagi ijrosi yakunlari bo`yicha Vazirlar Mahkamasining hisoboti muhokama qilinadi.

Senatorlar O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari Sh. G`anievning fermer xo`jaliklari faoliyati kafolatlarini ta`minlash holati yuzasidan axborotini ham eshitadi.

Yalpi majlisda Hisob palatasi, Markaziy bank, Bosh prokurorning 2021 yildagi faoliyati to`g`risidagi hisobotlari, Bolalar masalalari bo`yicha milliy komissiya hamraisining o`tgan davr mobaynidagi faoliyati yuzasidan axboroti eshitiladi.

Shu bilan birga, O`zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021 yilda huquqiy targ`ibot va ma`rifatning holati haqidagi axboroti, shuningdek, qonunlarning ijrosi holati, huquqni qo`llash amaliyotini o`rganish va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan amalga oshirilgan monitoring natijalari ko`rib chiqiladi.

Yalpi majlisda Andijon viloyati hokimining ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini har tomonlama qo`llab-quvvatlash, uning daromadini oshirish, kambag`allikni qisqartirish borasidagi ishlar haqidagi hisobotini ham eshitish nazarda tutilgan.

Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021 yil 31 iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi bo`yicha reyting tizimini joriy etish to`g`risida”gi SQ-361-IV-sonli Qarori ijrosi ko`rib chiqilishi ham rejalashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar