Shavkat Mirziyoev 21 aprel kuni Qashqadaryo viloyatiga keldi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Tashrifdagi birinchi manzil Ko`kdala tumani bo`ldi. Bu ma`muriy birlikni tashkil etish g`oyasi Shavkat Mirziyoevning saylovoldi dasturidan o`rin olgan edi. Oliy Majlis Senatining shu yil 17 martdagi qaroriga muvofiq, aholiga qulayliklar yaratish hamda urbanizasiya jarayonlarini tartibga solish maqsadida Chiroqchi tumanining bir qismida Ko`kdala tumani tashkil etildi.
Prezident tashrifi arafasida ushbu yangi tumanda “Chiroqchi klaster” mas`uliyati cheklangan jamiyatining tikuvchilik korxonasi ishga tushirildi. Uning binosi engil konstruksiyalardan qurilgan. 500 nafarga yaqin mahalliy xotin-qizlar va yoshlar ish bilan ta`minlangan.
Davlatimiz rahbari korxonadagi ish jarayonini ko`zdan kechirdi, xotin-qizlar bilan suhbatlashdi.
- Ko`ryapsizlar, ayollar bo`yicha qancha qarorlar qabul qilyapmiz, tashkiliy choralar ko`ryapmiz. Buning zamiridagi maqsad - sizlarning quvonchingizni ko`rish. Bir ayolni, bir qizimni ish bilan ta`minlasak, uning kayfiyati butun xonadonga ta`sir qiladi, farzandlarini yaxshi o`qitadi. Bugun ham ko`p rejalar, imkoniyatlar bilan keldik. O`zbekistonda orzular amalga oshadigan zamon qurishga harakat qilayapmiz, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Korxona yiliga 7 million dona tayyor kiyim ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahsulotlarning katta qismi “Samo” brendi ostida eksport qilinadi. Buning uchun taniqli xorijiy brendlar bilan hamkorlik rejalashtirilgan.
Klaster rahbariga paxta hosildorligini oshirish, yangi erlarni o`zlashtirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.






