Hukumat qarori bilan Nogironligi bo`lgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga Bandlikka ko`maklashish davlat jamg`armasi mablag`lari hisobidan subsidiya berish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko`ra, nogironligi bo`lgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga (byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo`lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) har bir xodim uchun BHMning1,5 baravari (405 ming so`m) miqdorida subsidiya beriladi.
Bunda ish beruvchi nogironligi bo`lgan shaxsni ishga qabul qilgandan keyin subsidiya olish uchun Tuman (shahar) aholi bandligiga ko`maklashish markaziga zarur hujjatlarni ilova qilgan holda murojaat qiladi.
Tuman (shahar) aholi bandligiga ko`maklashish markazi hujjatlarni 3 ish kunida o`rganib chiqadi va o`rganish natijalariga ko`ra subsidiya ajratish (ajratishni rad etish) to`g`risida qaror qabul qiladi.
Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, subsidiya har oy uchun keyingi oyda (6 oy davomida) ish beruvchiga to`lab beriladi.
Har oy yakunida ishga qabul qilingan nogironligi bo`lgan shaxslarning haqiqatdan ishlayotganligi monitoring qilib boriladi.






