AsosiyJamiyat

Nikohni qayd qilishda 1 oylik muddatni bekor qilish taklifi berildi

'Nikohni qayd qilishda 1 oylik muddatni bekor qilish taklifi berildi'ning rasmi

Adliya vazirligi nikohni qayd qilishda 1 oylik muddatni bekor qilish taklifini berdi. Bu haqda "darakchi.uz"ga vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Qayd etilishicha, Oila kodeksida nikohlanuvchi shaxslar FHDYoga ariza berganidan vaqtdan boshlab 1 oy o`tgach nikohi qayd qilinishi belgilangan. Bu vaqtda nikohlanuvchi shaxslar majburiy tibbiy ko`rikdan o`tishi lozim.

Alohida hollarda, ya`ni homiladorlik, bola tug`ilishi, bir tarafning kasalligi, xizmat safari kabi uzrli sabablar bo`lganda 1 oylik muddat qisqartirilgan holda nikohni qayd qilishga ruxsat berilgan.  

Amaliyotda nikohni qayd qilishning 1 oylik muddatini qisqartirish uchun ayrim fuqarolar FHDYo organlariga soxta tibbiy ma`lumotnomalar taqdim etish, FHDYo va sog`liqni saqlash organlarida ortiqcha qog`ozbozlik, byurokratiya va korrupsiyaviy holatlarga yo`l qo`yish kabi salbiy holatlar mavjud edi.

Ushbu muammolarni bartaraf etish hamda aholiga qulaylik yaratish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan “O`zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga o`zgartishlar kiritish to`g`risida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqildi.  

Mazkur loyihada Oila kodeksining 13, 17 va 212-moddalariga o`zgartishlar kiritish hamda nikohni qayd etishning bir oylik muddati va uni qisqartirish uchun asos bo`luvchi holatlarni bekor qilish nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasi qabul qilinsa, nikohlanuvchi shaxslar majburiy tibbiy ko`rikdan o`tgandan so`ng 1 oylik muddatni kutmasdan nikohini rasmiylashtirishi mumkin bo`ladi.  

Tahlillarga ko`ra nikohni qayd qilish uchun 2021 yilda 300 mingdan ortiq, 2022 yilning 1-choragida 45 mingdan ortiq arizalar kelib tushgan bo`lib, ariza topshirilgan vaqtdan boshlab bir oylik muddatda arizalarni qaytarib olish yuzasidan murojaatlar kelib tushmagan.

Qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolarning ovoragarchiligiga chek qo`yadi, FHDYo va sog`liqni saqlash organlarida qog`ozbozlik, byurokratiya va korrupsiyaviy holatlarni bartaraf etadi, otalik belgilash kabi ortiqcha qiyinchiliklarni oldini oladi.

Qonun loyihasi bilan https://regulation.gov.uz/oz/d/60291 havolasi orqali tanishishingiz mumkin.

    Boshqa yangiliklar