Prezident maktabiga o`qishga kira olmagan o`quvchilar yangi tashkil etilayotgan ixtisoslashtirilgan maktablarga imtihonsiz qabul qilinishi mumkin. Bu haqda AOKAda o`tkazilgan brifingda Prezident ta`lim muassalari agentligi axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova ma`lum qildi, deya yozmoqda "Zamon" nashri.
Bunga huquqiy asos sifatida Vazirlar Mahkamasining 15 aprelda tasdiqlangan 8-son bayoni keltirilgan. Unga ko`ra, Prezident maktabiga 5-sinf kirish imtihonlari ikkinchi bosqichida ishtirok etib, o`qishga kira olmagan talabgorlar har bir viloyatda tashkil etilgan aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan maktabga o`qish istagini bildirgan taqdirda ariza topshiradi va kvota doirasida ballar ketma-ketligi asosida imtihonsiz qabul qilinadi. Qabul qilinadigan o`quvchilar soni 24 nafar etib belgilangan.
Agarda belgilangan qabul kvotasidan ortiq talabgorlar bitta ixtisoslashtirilgan maktabga o`qish istagini bildirsa, ustunlik yuqori ball to`plagan talabgorga beriladi.






