Avval xabar qilganimizdek, Qarshi shahrida xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo`lib o`tmoqda.
Unda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ishtirok etmoqda.
- O`tgan yili 11 oktyabrda bo`lgan saylovoldi uchrashuvida, sizlar bilan birga Qashqadaryoni kelgusi besh yilda rivojlantirish va aholi hayotini yaxshilash bo`yicha katta maqsadlarni qo`ygan edik, - dedi Prezident. - Kecha Qashqadaryoni ertalabdan kechgacha aylanib, odamlarning ko`ziga qarab, shu rejalarimizga odamlar ishonyaptimi, o`zgarishlarni sezyaptimi, deb e`tibor berdim. Bularni kim qiladi? Rahbar qiladi - fidoyi, xalqini sevadigan, elni birlashtiradigan rahbar. Agar fidoyi hokim kelsa, odamlar darrov sezadi.
Davlat rahbari 2021 yil noyabr oyidan buyon Qashqadaryo viloyati hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Azimov Murotjon Berdialievich nomzodini viloyat hokimi lavozimiga tavsiya etvr ekan, hozirgi tahlikali zamonda ichki imkoniyatlarga tayanish va ularni samarali ishga solish zarurligini ta`kidladi.
- Qaerga uddaburron rahbar qo`yilgan bo`lsa, natija bo`layapti. Qashqadaryoga, 3 yarim milliondan ko`p aholisi bo`lgan elga rahbar bo`lish oson emas. Bunday rahbar topish ham oson emas. Qashqadaryoning eri boy, tuprog`i unumdor, odamlari mehnatkash. Faqat ularni birlashtirib, elkadosh bo`lib, halol ishlash kerak. Hokimni hokim qiladigan, uni ishini ko`rsatadigan shu xalq. Mahalliy deputatlar, nuroniylar, umuman, odamlar befarq bo`lmasa, Qashqadaryoning qadamlari tezlashadi, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Ma`lumot uchun: M.Azimov 1976 yilda Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida tug`ilgan. Buxoro viloyati prokurori, Bosh prokuror o`rinbosari va birinchi o`rinbosari, Davlat bojxona qo`mitasi raisi vazifalarida ishlagan.
Xalq deputatlari, mehnat faxriylari, xotin-qizlar, yoshlar so`zga chiqib, nomzodni qo`llab-quvvatladi. Ovozga qo`yish natijalariga ko`ra, Murotjon Azimov Qashqadaryo viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.






