Ikki yil avval yo`l harakati qoidalarini buzganlar haqida xabar berganlar mavzusi avjiga chiqqan, ular “terpila”dan tortib “haromxo`r”gacha atalgan, bunday yo`l bilan topgan pullari bo`yicha bahslar bo`lib o`tgan, hatto fatvolar topib ko`rsatilgan edi. Bugungi kunda tadbirkorlar chek bermasligi ortidan soliqqa shikoyat kiritib, tushgan jarimaning ma`lum qismini olish masalasi diqqat markaziga chiqdi. Hamma “kozyol”larni yomonlay boshladi, samosudlar ko`paydi.
Aslida har ikki tomon shu yurtning farzandi. Kimdir chek bermaganning ustidan yozib, mashinasini minib ketarkan, o`zi ham qoida buzgani uchun “terpila” videosiga tushishi va jarimaga tortilishi mumkin. Ya`ni aholining faol qatlami yo tadbirkor, yo haydovchi va yoki iste`molchi. Xabar berish (aniqrog`i chaqimchilik qilish) va buning ortidan manfaatdor bo`lish imkoniyati hammada bor va endi borgan sari oshib boraveradi.
Arzimagan talab uchun tan jarohati
Kun.uz muxbiri Abbos Salaydinov maxsus chek so`ragani uchun kaltak edi, tahdidlarga uchradi. Bir qarashda arzimagan talab uchun engil bo`lsa-da, tan jarohati oldi. Lekin bunday vaziyatga olib kelgan omillar, sotuvchining alamli reaksiyasini tug`dirgan sabablar ham borligi kundek ravshan. Kimdir 10 ming so`mga xarid qilishi va savdo nuqtasini bir necha millionga jarimaga torttirishi mumkin. Tadbirkorning qilgan foydasi qanchayu, bir oyda to`lash ehtimoli bo`lgan jarimalari qancha?
Darhol javob berasiz – chekni bersin, qonuniy ishlasin!
Hamma qonuniy ishlashi kerak, ammo...
Albatta, hamma ham qonuniy ishlashi kerak, xususan tadbirkor ham. Xo`sh, bizda qaysi tizim mutlaq shaffoflikka erishib bo`libdiki, endi tadbirkorlardan buni talab qila olamiz va bu qadar noreal jarimalar qo`llaymiz? Elektr toki bot-bot uzilib turadigan, barqaror internet hali orzu bo`lgan qancha hududlarimiz bo`laturib, tadbirkordan bu qadar adolat kutishimiz o`rinlimi?!
Prezident ro`yxushlik bermagan g`oya...
Bu borada Soliq qo`mitasi rahbariyati yanada ilgarilab ketishni maqsad qilgan, tortilgan jarimaning 20 foizi xabar bergan iste`molchiga berilishi bilan birga soliq inspektoriga ham ma`lum ma`noda ulush ajratish konsepsiyasini Prezidentga taqdim etishgandi.
Lekin davlat rahbari bu g`oyaga ro`yxushlik bermagan, “Men tadbirkorlarni endi-endi oyoqqa qo`yyapman” deya g`oyani qayta o`ylab ko`rish tavsiyasi bilan rad etgandi. Agar bu ham amalga oshsa, ya`ni chaqimchilik ortidan ham xabar bergan, ham soliqchi manfaatdor bo`ladigan tizim yaratilsa, jamiyatda qanchalik ziddiyatlar paydo bo`lishini, samosudlar urchishini, davlatga nisbatan ishonch qay darajada so`nishini tasavvur qilish qiyin emas.
G`oya talabi juda yuqori: kimlar “yashab” keta oladi?
Bu yangilik talabi juda yuqori – har qanday savdo nuqtasi to`lovning mukammal tizimiga ega bo`lishi lozim. Kamera, kontaktli narx aniqlagich, kompyuterli hisoblash tizimi va nihoyat zamonaviy to`lov terminali. So`nggi bir necha yilning o`zidayoq chek mashinasidan tortib to`lov terminallari bir necha marta o`zgargani kichik do`konlarga qanchalik zarar keltirgan bo`lsa, bu yangi talablar ularning katta qismini butunlay barbod qilib, faqat yirik savdo nuqtalarigina yashab ketishi mumkin. Ya`ni o`z qo`limiz bilan kichik tadbirkorlikni yo`qotib, hududiy monopoliyalarga zamin yaratamiz. Aholining katta qismi qishloq sharoitida yashashi, tumanlarda ham, mahallalarda ham savdo asosan kichik do`konlarda va nasiyaga kechadigan bugungi kunda buning deyarli iloji yo`q.
Six ham, kabob ham kuymaydigan yo`llar bormi?
Bir qarashda hammasi qonunga muvofiq, jamoatchilik nazorati zarur. Ammo bu jamoatchilik nazoratiga fuqarolar o`rtasiga nifoq solish orqali erishish qay darajada o`zini oqlaydi? Bordiyu hech iloji bo`lmasa, davlat nazoratni shunday choralarsiz amalga oshira olmasa, six ham, kabob ham kuymaydigan yo`llarni qidirish lozim:
1. Qoida buzish, chek bermaslik kabi holatlar haqida xabar berilganda xabar beruvchi bevosita moddiy manfaatdor bo`lmasin. Ya`ni unga ajratilgan ulush o`ziga berilmasdan, tanlovga ko`ra xayriya maqsadlarida, ta`lim yoki atrof-muhitni himoya qilish kabi loyihalarga o`tkazilsin. To`g`ri, hozir ham bunday imkoniyat qisman bor. Lekin u pul ishlaganning xohishiga ko`ra, ya`ni ixtiyoriy;
2. Maxsus chek bermaslik holatlarida jarima xarid qiymatiga mutanosib bo`lsin. Masalan, 20 ming so`mlik narsa sotib, 2,5 mln. so`m jarima to`lash har qanday tadbirkorni nafaqat sindiradi, balki umuman davlatga ishonchsizligini oshiradi. Bunday choralardan ko`zlangan pirovard maqsad – xufyona iqtisodga qarshi kurash teskari samara beradi. Ya`ni tadbirkor bu xarajatni qoplash uchun o`sha xufyona qismga zo`r berishga majbur bo`ladi;
3. Jarimaga tortishgina samarali hisoblanar ekan, bunda ham progressiv shkala tizimida ishlash maqsadga muvofiq. Ya`ni qoidabuzar ham, chek bermagan tadbirkor ham har bir holat uchun bir xil emas, shunday holatlar soni oshib borishiga ko`ra jazolanishi maqsadga muvofiq. Yo`l qoidasida bu qisman bor, endi soliq nazoratida ham bu yo`lga qo`yilib, avval ogohlantirish, keyin kichik jarima va nihoyat haqiqiy jarima qo`llash usullari bilan o`rgatib borish lozim. Toki tadbirkor bugungi shok holatiga tushmasin.
Eng muhimi – jamiyat odamlarni teng ikkiga ayirib yuboradigan g`oyalarni tatbiq etishga ehtiyot bo`lmog`i shart. Chunki hamma tomonlar bitta davlat fuqarolari. Kuygan ham, kuydirgan ham, “kozyol”u “terpila” ham shu jamiyatdan uzilib keta olmaydi. Ular orasiga ziddiyat solish imkoniyati to`qnashuvlar, samosudlar va hatto hayotga qasd qilishgacha bo`lgan og`ir jinoyatlarga etaklashi hech gap emas. Hozir ko`rayotganlarimiz ilk mujdalar...
Abror ZOHIDOV, "Darakchi" gazetasi, 2022 yil 21 aprel, 16-son






