AsosiyDunyo

Dunyo bo`yicha bolalarda noma`lum xastalik tarqalmoqda — JSST

'Dunyo bo`yicha bolalarda noma`lum xastalik tarqalmoqda — JSST'ning rasmi

Dunyoning qator mamlakatlarida bolalar o`rtasida noma`lum infeksiya tarqalmoqda. Kasallik kichik yoshli bemorlarning jigariga ziyon etkazib, og`ir holatlarni keltirib chiqaryapti.  Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi bir necha kun avval JSST ma`lumotlariga tayanib xabar bergan edi. 

Ma`lum qilishicha, hozir Buyuk Britaniyada 74, Ispaniyada 3 va Irlandiyada 4 ta shunday holat bo`yicha tekshiruvlar boshlangan.

AQShda esa 9 ta noxush vaziyat bo`yicha tergov olib borilyapti. Ularning barchasi Alabama shtatida ro`yxatga olingan. Bemorlar — 1 yoshdan 6 yoshgacha bo`lgan bolalar. Ushbu sirli kasallik ulardan ikki nafarida jigar transplantasiyasiga muhtojlikni yuzaga keltirdi.  

Hozir sog`liqni saqlash tizimi mutasaddilari boshqa shtatlarda ham bu singari holatlar yuz berganmi, yo`qmi, shu haqda ma`lumotlar to`plashyapti.  

JSSTga mazkur noodatiy xastalik to`g`risida ilk bor shu yilning aprel oyida xabar kelib tushgan. Keyinroq Shotlandiyada 10 nafar bola jigar zararlanishi bilan shifoxonaga yotqizilgani ma`lum bo`ldi. Bemorlardan biri yanvar oyida, qolgan to`qqiz nafari esa mart oyida xastalikka chalingan. Ularning barchasiga gepatit tashxisi qo`yilgan.  

Bolakaylarda sarg`ayish, diareya va qorin og`rig`i kabi umumiy belgilar mavjud edi. Laboratoriya tekshiruvlarida ushbu kasallikni keltirib chiqaruvchi infeksiya gepatit A, V, S va E viruslari emasligi ma`lum bo`ldi. Mutaxassislar bu holat adenoviruslar tarqalishi kuchaygani bilan bog`liq bo`lishi mumkin, degan fikrda.   Chunki ana virusning ayrim turlari nafaqat isitma, tomoq og`rig`i, yo`tal, balki oshqozon va ichaklarning yallig`lanishi kabi asoratlarni ham keltirib chiqarishi kuzatilgan.  

AYni paytja SSV matbuot xizmatining xabar berishicha, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti kuni kecha bo`lib o`tgan brifingda ushbu xavfli xastalik yuzasidan qo`shimcha ma`lumot berdi.  

Qayd etilishicha, mazkur virusning belgilari ham, asoratlari ham gepatitniki bilan juda o`xshash. Ammo tekshiruvlarda u gepatitning hech bir, ya`ni A, B, S, D va E turlariga mansub emasligi ma`lum bo`ldi.  

Hozirgacha bu xastalikka chalingan bolalar soni Buyuk Britaniyada 114, Ispaniyada 13, AQShda 9, Daniyada 6, Irlandiyada 5, Isroilda 2 nafarni tashkil etmoqda. Niderlandiya va Italiyada ham 4 nafardan o`g`il-qizda infeksiya aniqlandi. Qolaversa, Fransiya va Norvegiyadan ikki nafardan, Belgiya hamda Ruminiyada esa bir nafardan  bemorda virus qayd etildi.

Tahlillarga ko`ra, bemorlar orasida bir oylik chaqaloqdan 16 yoshli o`cmirlargacha bor. Eng yomoni, ulardan bir nafari kasallik asoratlari tufayli hayotdan ko`z yumdi.  

Umuman, hozir infeksiyani yuqtirganlarning o`n foizi hayoti jiddiy xavf ostida. Ularda tezkor jigar transplantasiyasi o`tkazish talab etilmoqda.  

JSSTning bayonotida xastalik qorin og`riqi, diareya, qayt qilish singari alomatlar bilan namoyon bo`layotgani aytiladi. Aksariyat hollarda yuqori tana harorati kuzatilayotgani yo`q.

Ammo dastlabki tahlillarga ko`ra, 74 nafar bemor bolada adenovirus asoratlari kuzatilgan. Shunga qaramay, mutaxassislar kasallikning kelib chiqishi qaysidir turga mansub mavjud viruslar bilan bog`liq, degan aniq xulosani aytishga shoshilgani yo`q.

 

 

 

 

    Boshqa yangiliklar