Ijtimoiy tarmoqlarda Ixtisoslashgan maktablardan o`quvchilarni ko`chirish bo`yicha ota-onalarning noroziligi aks etgan videomurojaat tarqaldi.
Xalq ta`limi vazirligining ma`lum qilishicha, joriy yilning 14 aprel kuni Ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etishga yagona yondashuvni shakllantirish, ushbu maktablar tarmog`ini kengaytirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda ta`lim jarayoniga malakali rahbar va pedagog kadrlarni jalb qilish, iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash, o`qitish va tarbiyalash tizimini takomillashtirish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Prezident ta`lim muassasalari agentligi tizimida ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog`ini kengaytirish to`g`risida”gi Farmoni qabul qilindi.
Unga ko`ra, 2022-2023 o`quv yilidan boshlab, Prezident ta`lim muassasalari agentligi tizimida 168 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlar tashkil etilishi belgilandi.
Agentlik maktablarida Prezident maktablari tajribasidan kelib chiqib, o`quv jarayoni xalqaro ta`lim dasturlari asosida tayyorlangan zamonaviy darsliklar asosida olib boriladi, o`quvchilar xorijiy tillarni mukammal o`zlashtirishi uchun zarur shart-sharoit va ta`lim muhitini yaratiladi, mazkur jarayonga xorijiy hamda mahalliy pedagog kadrlarni jalb qilinadi, sun`iy intellekt, robototexnika, agrotexnologiya, nanotexnologiya, biotexnologiya, IELTS, TOEFL va SAT bo`yicha qo`shimcha kurslar tashkil etiladi.
2022/2023 o`quv yilida Agentlik maktablariga o`quvchilar tanlov asosida, yangi aniq fanlar yo`nalishiga 5 - 11-sinflarga, tabiiy fanlar yo`nalishiga 7 - 11-sinflarga qabul amalga oshiriladi.
Ta`kidlanishicha, mazkur tanlovlarda birinchi navbatda shu maktabda ta`lim olayotgan o`quvchilar to`liq ishtirok etadi va ularni barchasiga tanlovda qatnashishga imkoniyat beriladi. Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan xalqaro, mintaqaviy yoki asosiy fan olimpiadalarining uchinchi (viloyat) bosqichida g`olib bo`lgan (1, 2, 3-o`rin) umumiy o`rta, o`rta maxsus va boshlang`ich professional ta`lim tashkilotlari o`quvchilari o`zi ta`lim oladigan hududida joylashgan Agentlik maktablariga umumiy qabul parametrlari doirasida kirish imtihonsiz o`qishga qabul qilinadi.
Shuningdek qayd etilishicha, bugungi kunda Xalq ta`limi vazirligi tomonidan Prezident ta`lim muassasalari agentligi tizimiga o`tkaziladigan maktab o`quvchi va o`qituvchilarini boshqa ta`lim muassasalariga ko`chirish bo`yicha ko`rsatma berilmagan.
" – Shu o`rinda, maktab ma`muriyatlaridan shoshma-shosharlik bilan ota-onalar o`rtasida noroziliklarni keltirib chiqarmasliklari, o`quv yilini ushbu maktabda to`liq yakunlashlari bo`yicha tegishli tushuntirish ishlari olib borishlari so`raladi.
Hurmatli ota-onalar!
Ortiqcha bezovta bo`lmasdan, o`quv yilini to`liq yakunlab, Agentlik tomonidan e`lon qilingan tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etishingizni so`rab qolamiz", – deyladi vazirlik bayonotida.






