AsosiyJamiyat

O`zbekiston va Belarus o`rtasidagi ilm-fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik rivojlanmoqda

'O`zbekiston va Belarus o`rtasidagi ilm-fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik rivojlanmoqda'ning rasmi

24 aprel kuni O`zbekiston Respublikasi  va Belarus Respublikasi  hukumat rahbarlari o`rtasida kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar o`tkazildi. Muzokaralar O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Belarus Respublikasi bosh vaziri Roman Golovchenko tomonidan olib borildi.  

Uchrashuv davomida Innovasion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov O`zbekiston va Belarus o`rtasidagi ilm-fan va texnologiyalar sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma`lumot berdi. Vazir O`zbekiston–Belarus qo`shma ilmiy loyihalar tanlovlari doirasida amalga oshirilgan 15 ta loyihalar yakuniga etkazilib, hozirda tijoratlashtirish bosqichidan o`tayotganini ta`kidladi. Shuningdek, qo`shma tanlovlarning 2-turi doirasida jami 2 mln. AQSh dollari  qiymatidagi 30 ta ilmiy loyiha moliyalashtirilganini aytib o`tdi. Bundan tashqari, so`nggi 3 yil davomida  200 nafar yosh olimlar va tadqiqotchilarning Belarus ilmiy-tadqiqot institutlariga stajirovkalarini tashkil etishga muvaffaq bo`lindi.  

Muzokaralar doirasida O`zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi hamda Belarus Milliy fanlar akademiyasi o`rtasida memorandum hamda 2022–2023 yillar uchun ilmiy-texnik va innovasion hamkorlik dasturi imzolandi. Hujjatlarni Innovasion rivojlanish vaziri o`rinbosari Shahlo Turdiqulova hamda Belarus Milliy akademiyasi Prezidiumi raisining birinchi o`rinbosari Sergey Chijik  hamda Belarus Respublikasi Ilm-fan va texnologiyalar Davlat komiteti o`rinbosari Sergey Sherbakov imzoladilar.  

Ikki davlat o`rtasidagi ilmiy-texnik va innovasion hamkorlik dasturi doirasida tomonlar qo`shma ilmiy loyihalarni qo`llab quvvatlashni davom ettirish, ilmiy tadbirlarni tashkil etish, olimlarning malakasini oshirish, ilmiy infratuzilmani rivojlantirish va texnologiyalar transferini amalga oshishga kelishdilar. Belarus Milliy akademiyasi bilan memorandum doirasida esa ikki davlat ilmiy jamoalarining turli shakllardagi hamkorligini kengaytirish, olimlar va tadqiqotchilarning o`zaro almashinuvini yo`lga qo`yish, ilmiy ma`lumotlar bilan almashish, hamkorlikda nashriy faoliyatni rivojlantirish, ilmiy-amaliy tadbirlarni qo`llab quvvatlash ko`zda tutilgan.  

Ta`kidlash joizki,  O`zbekiston va Belarus bilan ilmiy hamkorlik doirasida Toshkent temir yo`llar transporti muhandislari instituti hamda Toshkent Texnik universiteti bazasida ikkita qo`shma ilmiy laboratoriyalar tashkil etilgan. O`nlab o`zbek olimlari Belarus Milliy Fanlar akademiyasi institutlarida tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar. Shuningdek, Innovasion rivojlanish vazirligi huzuridagi «Yashnabod» va Belarus Milliy texnik universitetining "Politexnik" texnoparki o`rtasida hamkorlik o`rnatilgan bo`lib, qo`shma startap loyihalarni rivojlantirish nazarda tutilgan.  

O`zbekiston va Belarus o`rtasidagi ilm-fan va texnologiyalar sohalaridagi hujjatlar ikki davlat ilmiy hamkorligining yanada mustahkamlanishiga, o`zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

    Boshqa yangiliklar