AsosiyJamiyat

“Tushlarida Muhammad aka qizlardan xabar oling degan ekan...” She`rlaridek samimiy, sodda shoir Muhammad Yusufni birga xotirlaymiz

'“Tushlarida Muhammad aka qizlardan xabar oling degan ekan...”  She`rlaridek samimiy, sodda shoir Muhammad Yusufni birga xotirlaymiz'ning rasmi

O`zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf o`zining qisqa, ammo mazmunli umri va ijodiy faoliyati davomida boy adabiy meros qoldirdi. O`zbekiston xalq shoiri degan sharafli unvonga 44 yoshida sazovor bo`lgan ijodkorning kitoblari bugungi kunda qayta-qayta nashr etilmoqda. 26 aprel sanasida Andijonning Marhamatida tug`ilgan shoirni birgalikda xotirlaymiz. 

“Eh, osmonlarga uchib ketging keladi…”

Ibrohim G`afurov, Yozuvchi, tarjimon, tanqidchi:

— 1991 yilning ko`klamida Qarshi vohasidagi Neko`zning adirlarida she`riyat bayrami bo`lib o`tgandi. O`shanda alloma shoir Abdulla Oripovning elliginchi bahori xalq tantanasiga aylangandi. Biz Muhammad Yusuf bilan davralardan uzoqroq chiqib aylangan, ko`ksimizni to`ldirgan qo`hna tuproq sarin havosidan yayrab, shukuhga to`lgan edik. Muhammad Yusuf menga o`zini ukadek tutardi.

Shoir bir adirdan ikkinchisiga ko`tarilib borayotganimizda kamoli to`liqib ketibmi, elkasiga tashlab olgan kostyumini bir chetga uloqtirib, o`zini tappa maysalar ustiga otdi. Birzum yuzini o`tloqqa bosib qimir etmay yotdi, so`ng chuqur xo`rsinib o`tlar uzra uch-to`rt yumaladi va oh tortdi: “Eh, osmonlarga uchib ketging keladi, Ibrohim aka! Uchib-uchib balandlab ko`rinmay ketging keladi... Sizda ham shunday bo`ladimi?” deya so`zlab qoldi. 

Shu yili kuzda buyuk Istiqlol yuz ko`rsatdi.Ulug` tarixiy, ijtimoiy hodisalar o`z odamlarini – o`z shoirlari, o`z siyosatchilari, ijodkor fidokorlarini yaratadi. Muhammad Yusuf xuddi istiqlol uchun yaratilgandek edi. U behad yayrab yozdi, yayrab kuyladi, xalq ichida tinimsiz yayrab yurdi. Zo`r qadr-qimmat topdi, Istiqlol shoiri bo`lib maydonga chiqdi. U xuddi Maxtumquliga o`xshardi. She`r yuragidan quyilib kelardi. 

“Stadion qarsaklardan larzaga kelgan...”

Iqbol Mirzo, O`zbekiston xalq shoiri:

— Muhammad aka o`z she`rlariga o`xshardi, sodda va samimiy... Yoshlikdan juda she`rsevar edik. Yaxshi she`rlar o`z- o`zidan yod bo`lib qolardi. Bir-birimizga aytib charchamasdik, musobaqalashardik ham.Sevimli shoirining she`rlarini albom qiladiganlar ham ko`p edi. Muhammad Yusufning “Yoshlik” jurnalida chiqqan katta surati yotoqxonada deyarli hamma xonada osig`liq turardi. 1988 yil yoz boshida Farg`onadagi Markaziy stadionda katta konsert tashkil etilgandi.O`tirgani joy yo`q, tumonat odam.Sababi, Tavakkal Qodirov, Oxunjon Madaliev, Anvar Obidjon, Muhammad Yusufning chiqishi kutilayotgandi-da...Anvar akaning oltiariqcha hazilga yo`g`rilgan she`rlari tomoshabinlarni bir qiyqiratib oldi. Ustozdan so`ng navbat Muhammad Yusufga berildi.Stadion suv quyganday jim.Xalq o`z dardkash shoiridan kutilmagan bir she`r kutayapti.Shoir biroz bo`g`iq ovozda “Do`ppi” she`rini o`qiy boshladi. Minglab muxlis nafas yutib tinglayapti. Nihoyat she`r yakunida fikr portladi: “Boshga loyiq  do`ppi yo`qmi, yo Bosh qolmadi do`ppiga loyiq!”.Stadion qarsaklardan larzaga kelgandi o`shanda...

“Doim kamtarin insonligicha qoldi”

Oydin Xojieva, O`zbekiston xalq shoiri:

— Muhammad Yusuf ikkinchi – “Bulbulga bir gapim bor...” kitobi bilanoq muxlislarining muhabbatiga sazovor bo`lgan shoir edi. Uning istiqlolning dastlabki yillarida yangragan “Xalq bo`l elim”, “Ulug`imsan, Vatanim” she`rlariga bastalangan qo`shiqlar muhtasham bayramlarning fayzi bo`ldi. Shoirning samimiyati, toza ko`nglining oynasi edi u she`rlar. Muhammadjon O`zbekiston Oliy Majlisi deputati bo`lganda ham o`sha-o`sha otashin so`zli shoir va kamtarin insonligicha qoldi. Uyushmamizga rais o`rinbosari bo`lib kelgach ham, mehribon ukamizligicha hurmatimizni joyiga qo`ydi. 

Dilbar shoiramizNaziraxon yori yo`ldoshi yodini aziz tutib, shoir nomidagi jamg`armaning ishlarini yo`lga qo`ydi.Adabiyot bog`imizga shoirning qizi Madinaxonning she`rlari kirib kelmoqda. Xalqimiz uni bir lahza ham unutgani yo`q. U binafshaday, ko`klamday bahoriy she`rlari bilan hamon safda kelmoqda. Uning qo`shiqlarini sahnalar, katta maydonlar hamon sog`inadi, armon qiladi.

“Tushlarida Muhammad aka qizlardan xabar oling degan ekan”

Nazira as- Salom, Muhammad Yusufning rafiqasi:

—Muhammad aka vafotidan so`ng shoir kirgan eshikdan kirish, u yurgan yo`llardan yurish, u yashagan uyda yashash menga juda og`ir bo`ldiki, xotiralardan qochib, farzandlarim bilan ota-onamnikiga ketdim. Yangi yilni ham shu erda kutib olishimizga to`g`ri keldi. Ammo Yangi yil kechasida ham hech birimizning kayfiyatimiz bo`lmadi. Qizlarim dadasini sog`inayotganini his qilib turardim. Chunki ular har bayramda dadasining e`tiboriga o`rganib qolishgan emasmi, Yangi yil kirib kelishini kutmasdan ham xonalariga kirib ketishdi. Ertalab kenja qizim Madina xursand bo`lib yonimga keldi(dadasi vafotidan beri uni xursand holda ko`rmaganman). Tinchlikmi, degan savolimga “Men ertalabgacha dadam bilan gaplashib chiqdim. Ular bizni qidirib bu yoqqa kelibdilar”deya javob qaytardi.Amin bo`ldimki, Muhammad aka har doim biz bilan birga. 

Hali u qo`shnim, hali bu qo`shnim tushlariga Muhammad aka kirib, qizlarini surishtirganini aytishar, bizdan tinimsiz xabar olishardi. Kunlarning  birida mashhur san`atkor uyimizga kelib Qur`on tilovat qildi-da, tushida Muhammad aka qizlaridan xabar olishini tayinlaganini aytib, bizni hayratlantirdi. Bularning bari menga, farzandlarimga  yupanch bo`ldi. 

Yana bir xosiyatli tush ko`rdim va uning o`ngidan kelishi bizga ko`p yaxshi xabarlar olib keldi. Prizidentimizning  farmoni bilan  Muhammad Yusuf tavalludining 60 yilligini keng nishonlash haqidagi qaror e`lon qilindi. Qarorning bir bandidagi shoir yashagan Toshkent shahri Mirzo Ulug`bek tumani Pushkin-salor ko`chasi, 1-uyda yodgorlik lavhasi o`rnatilishini o`qib xursand bo`ldik. Shoirga bo`lgan bu e`tirof nafaqat biz oila a`zolari, balki uning yurtimizdagi ko`p sonli muxlislarini ham quvontirdi.

“Men dardimni endi aytaman...” 

Muslimbek Yo`ldoshev, oliy toifali suxandon:

— Muhammad aka bilan ilk uchrashganimizda 20 yoshda edim. Yillardavomida ijodiy yo`llarimiz tutashib, o`rtamizda yaqinlik paydo bo`lgandi. Muhammad Yusuf vafot etgani haqidagi xabarni “Axborot” dasturida o`qish uchun qo`limga tutqazilgan kunkechagiday esimda.Uni o`qidimu yuragimga qattiq og`riq turdi. Matnni ikki-uch marta qaytarib olganimga qaramay uni efirda bazo`r o`qidim. Keyin stolga yotib oldim. Hammasi bir bo`ldi, akalarimdan judolik g`ami, marosimlar, charchoq  va yana bir yaqin insonimning vafoti... Qo`ltig`imdan suyab xonamga olib chiqib qo`yishdi. “Tez yordam” chaqirishlariga rozilik bermadim. Navbatchi meni pastga, mashinagacha kuzatib qo`ydi. Yo`lda shifoxonaning “Qabul bo`limi”ga uchrashga ahd qildim. Kardiogrammamni oxirigacha o`qib-o`qimay, bir nechta ukol qilib tashlashdi. Keyin ikkita sanitar yigit kelib zambilga yotqazishdi-da, reanimasiya bo`limiga olib ketishdi.

Ko`zimni ochganimda 3 avgust edi! Shifokorlar infarktni boshdan o`tkazganimni aytishdi.Muhammad aka vafot etgan kun hayotimdagi shu noxush voqea bilan birga yodimda qoldi. 

Bir necha oydan so`ng Marhamatga borganimda Muhammadjon akaning onalari, jigarlari bilan ko`ngil so`rashdim, hamrohlar bilan keng, yaydoq qabristonga kirib fotiha o`qidik.Xalqimning sevimli shoirini Alloh rahmatiga olgan bo`lsin.

Tuhfa Nazarova.

"Darakchi" gazetasi, 2022 yil 21 aprel, 16-son

    Boshqa yangiliklar