Ijtimoiy tarmoqda “Endi shortik kiyib avtomobil boshqargan haydovchiga GAI shtraf soladi. Kiyim kiyish estetikasiga ham haydovchilar uchun javobgarlik bormi?” izohi bilan video tarqaldi.
Holat yuzasidan YHXX munosabat bildirdi.
Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 16 aprel kuni Farg`ona viloyati, Uchko`prik tumani dehqon bozori yaqinida YPX xodimi A.O`rinov me`yoriy hujjatlarini tekshirish maqsadida “Matiz” rusumli avtomobil haydovchisini to`xtatgan. O`zaro muloqot jarayonida YPX xodimi haydovchining kiyimiga e`tiroz bildirib, Yo`l harakati qoidalari kitobining 55-56 sahifalarida haydovchi kiyim kiyish madaniyatiga rioya qilishi bo`yicha band belgilanganligini ta`kidlab, ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirishi mumkinligini ham keltirib o`tgan. Ushbu muloqot aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng jamoatchilik muhokamalariga sabab bo`lgan.
"Amaldagi Yo`l harakti qoidalarida haydovchi transport vositasidan foydalanish va uni boshqarish vaqtida kiyim kiyish tartibi to`g`risida hech qanday izoh yoki tartib belgilanmaganligi hamda Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksda ham yuqoridagi holat bo`yicha hech qanday jazo choralari mavjud emasligini, shuningdek, haydovchiga noto`g`ri va asossiz ma`lumot etkazgan YPX xodimi A.O`rinovga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanganligini ma`lum qilamiz", - deyiladi xabarda.






