“2022–2026 yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Qarorga muvofiq, quyidagilar tashkil etiladi:
▫️Nukus shahrida “Bolalar tibbiyot klasteri”;
▫️46 ta tumanlararo yangi perinatal markazlarda chaqaloqlar reanimasiyasi bo`limi;
▫️2022 yil 1 maydan tuman (shahar) markaziy poliklinikalari, Toshkent shahri oilaviy poliklinikalarida bolalar bo`limi;
▫️tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida bolalar anesteziologiya-reanimasiya bo`limlari hamda kechayu kunduz ishlovchi pediatriya postlari;
▫️Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bolalarda irsiy-genetik, orfan kasalliklarga barvaqt tashxis qo`yish bo`yicha Referens laboratoriya va hududlarda uning 17 ta mintaqaviy laboratoriyalari.
Shuningdek, Respublika va hududiy perinatal markazlar va bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazlarida 2022–2023 yillarda jami 29 ta shoshilinch perinatal hamda shoshilinch pediatrik mobil navbatchi reanimasion brigadalar faoliyati yo`lga qo`yiladi.
Chaqaloqlarda eshitish nuqsonlarini erta aniqlash uchun audioskrining tadbirlari bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazlari va barcha tug`uruq komplekslarida tatbiq etiladi.
Bolalar hamda homilador va tug`ish yoshidagi ayollarni yanada sifatli tibbiy xizmat bilan to`liq qamrab olish uchun 2022 yil 1 iyuldan “tibbiyot brigadalari” tarkibiga qo`shimcha 3 600 ta, 2023 yil 1 yanvardan yana qo`shimcha 4 900 ta o`rta tibbiyot xodimlari (pediatriya hamshirasi va doya) shtatlari ajratiladi.
2022 yil 1 maydan Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida davolanayotgan bemor bolalarga qarovchi shaxslar (ota-ona va boshqalar) uchun bepul ovqatlanish yo`lga qo`yiladi.






