AsosiyJamiyat

"Har bir hokim hududimda tarixiy obidalar yoki manzarali joylar ko`p, deb xotirjamlikka berilmasligi kerak"

'"Har bir hokim hududimda tarixiy obidalar yoki manzarali joylar ko`p, deb xotirjamlikka berilmasligi kerak"'ning rasmi

Avval xabar berilganidek, Prezident raisligida turizm xizmatlari ko`lamini kengaytirish va infratuzilmasini rivojlantirish bo`yicha videoselektor yig`ilishi boshlandi.

Dunyoda pandemiya cheklovlari yumshayotgani natijasida turizm industriyasi tiklanishni boshlayotgani qayd etildi.  

Joriy yil birinchi choragida yurtimizga xorijdan 610 ming nafar yoki o`tgan yilning mos davriga nisbatan 2,5 baravar ko`p turistlar keldi. May oyida hamkor davlatlardan sayyohlarning 20 foizi mamlakatimizga kelishi kutilmoqda (ilgari bu raqam 2-3 foiz bo`lgan).

“Lekin, har bir hokim hududimda tarixiy obidalar yoki manzarali joylar ko`p, deb xotirjamlikka berilmasligi kerak.

 Mehmonxona, muzey, transport va yo`llar, servis, ovqatlanish joylari kelayotgan turistlarni qabul qilishga tayyormi? Buning uchun qaysi hokim tayyorgarlik qildi?”, deya savol qo`ydi davlatimiz rahbari.

Prezident yurtimiz turizm salohiyatini to`liq ro`yobga chiqarishga to`sqinlik qilayotgan kamchiliklarni sanab o`tdi.

Misol uchun, Qoraqalpog`iston, Andijon, Qashqadaryoda mavjud mehmonxona o`rinlari talabga nisbatan ancha kam.

Ta`kidlanishicha, so`nggi yillarda Mo`ynoq, Nukus, Shahrisabz, Marg`ilon, Qo`qon, Rishton kabi yangi yo`nalishlar ochildi. Lekin Navoiy, Jizzax, Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari hali bor imkoniyatlardan foydalanayotgani yo`q.

Qoraqalpog`iston, Samarqand, Toshkent viloyati va Toshkent shahridan boshqa hududlarda yoshlarga mos turistik xizmatlar juda kam.

“Oilaviy” va “barchasi ichida” xizmatlarini joriy qilish ishlari sust. Cho`milish havzasi 1,2 mingdan ziyod mehmonxonaning faqat 30 foizida bor.

Hududlarimizdagi 206 ta termal va mineral suvli buloqlarning bugungi kunda 18 tasidan foydalanilmoqda.

Misol uchun, Qamchiq dovonida (Ohangaron tumani) 2,5-3 ming metr balandlikda joylashgan Arashan ko`llar tizimidagi suv harorati qishin-yozin 36 gradus issiqlikda bo`lib, xorijiy kurortlardan qolishmaydi.

Yoki, Chimboy, Qorao`zak va Taxtako`pirda ham er ostidan 40-70 gradus issiqlikda chiqadigan termal buloqlar hududida sanatoriya-kurortlar tashkil qilish uchun barcha imkoniyatlar mavjud bo`lsada, tegishli hududlar hokimlari tashabbus ko`rsatmayotgani tanqid qilindi.

    Boshqa yangiliklar