DXX va IIV xodimlari hamkorligida o`tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi mas`uliyati cheklangan jamiyat tomonidan tegishli ruxsatnomaga ega bo`lmasdan, fuqarolarni «Toshkent-Dubay-Jidda» yo`nalishi orqali «Umra» ziyoratiga yuborish holati aniqlandi. Bu haqda darakchi.uz'ga DXX Matbuot xizmati xabar qildi.
Xususan, MChJ xodimi X.A. Namangan viloyatida yashovchi ikki fuqaroning ishonchiga kirgan holda ularni 6200 AQSh dollari evaziga «Umra» safariga jo`natishni va`da qilib, oldindan 3100 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
So`ngra tezkor tadbir davom ettirilib, MChJ ofisi va xodimlarining avtomashinalari tekshirilganda, jami 116 nafar fuqaroning xorijga chiqish pasportlari borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, 66 nafar fuqaroni «Umra» safariga yuborish maqsadida ulardan jami 162 ming AQSh dollari olinganligi ham ma`lum bo`ldi.
Ta`kidlash lozimki, MChJ o`z mijozlarini Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistoni Qirolligi o`rtasidagi davlat chegarasidan o`tkazishda Markaziy Osiyo respublikalarining soxta fuqarolik pasportlaridan foydalanish mexanizmini yo`lga qo`ygan.
Hozirda holat yuzasidan MChJ mas`ullariga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan qo`zg`atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.