AsosiyJamiyat

Jizzaxda sel 100dan ortiq qabrni ochib yubordi. Yuqumli kasallik tarqutuvchi viruslar paydo bo`ldimi? Tahlil natijalari e`lon qilindi

'Jizzaxda sel 100dan ortiq qabrni ochib yubordi. Yuqumli kasallik tarqutuvchi viruslar paydo bo`ldimi? Tahlil natijalari e`lon qilindi'ning rasmi

Avval xabar qilganimizdek, 2022 yil 20 aprel kuni soat 15:00 larda kuchli yog`ingarchilik oqibatida Forish tumani Egizbuloq qishlog`ining Bog`iston va Cho`lpon ko`chalarida joylashgan aholi turar-joylari sel oqimlaridan zarar ko`rdi.

Sel suvlarining bir qismi mazkur qishloqning yuqori qismida joylashgan “Boyqo`chqor ota” qabristonidagi 100 dan ortiq qabrga ham ziyon etkazdi.

Egizbuloq qishlog`ida tashkil etilgan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish shtabi tomonidan hududda o`ta xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi hamda zaharlanish bilan bog`liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida viloyat sog`liqni saqlash, veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmalari hamda sanitariya-pidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi bilan hamkorlikda barcha zaruriy chora-tadbirlar ko`rildi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar qilmoqda. 

Jumladan, Forish tumani obodonlashtirish boshqarmasining 95 nafar xodimlari tomonidan “Boyqo`chqor ota” qabristonida zarar ko`rgan 62 ta qabrdagi jasadlar sanitariya qoidalariga muvofiq qayta ko`milib, zararsizlantirish ishlari bajarildi. Qabriston hududi obodonlashtirilib, seldan zarar ko`rgan ariq va soylar tozalandi. Ayni paytda qabristonning yordamchi binosi qayta tiklanmoqda.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasining 17 nafar xodimi va 1 ta maxsus texnikasi yordamida zararlangan hududlarda to`plangan 46 ta uy hayvonlarining jasadi sanitariya qoidalariga muvofiq ko`mildi. Shuningdek, 219 bosh it va 38 bosh mushuk quturishga qarshi, 89 bosh yirik shoxli va 505 bosh mayda shoxli uy havonlari kuydirgiga qarshi vaksinasiya qilindi.

Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi va “Toza hudud” DUK tomonidan 1184 tonnadan ortiq chiqindi tozalanib, o`rnatilgan tartibda zararsizlantirildi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining 32 ta xodimi va 3 ta maxsus texnikasi yordamida qabriston va uning atrofi hamda hayvon jasadlari ko`milgan joylar to`liq dezinfeksiya qilindi.

Shuningdek, seldan zararlangan aholi yashash xonadonlarida har kuni dezinfeksiyalash ishlari olib borilib, gumanitar yordamlarni qabul qilish, saqlash va tarqatish jarayonida sanitariya talablariga rioya etilishi nazoratga olindi.

“Jizzax suv ta`minoti” MChJ tomonidan 4 ta maxsus texnika yordamida aholiga muntazam ravishda toza ichimlik suvi etkazib berilmoqda.

Sog`liqni saqlash boshqarmasi tomonidan 3 ta tez tibbiy yordam brigadasi tashkil etilib, 158 nafar tibbiyot xodimi tomonidan aholi tibbiy ko`rikdan o`tkazilmoqda. Aholiga 6 turdagi dori hamda antiseptik vositalar tarqatilmoqda.

Shu bilan birga “Egizbuloq zilol suvlari” MChJga qarashli suv inshootlari, Ustaxon qishlog`i markazidagi vodoprovod suvi, hududdagi quduq hamda “Boyqo`chqor ota” qabristonidagi ariq suvlaridan olingan 9 ta namuna, qabriston va uning tashqarisidan olingan tuproq namunalari laboratoriya tekshiruvi uchun yuborildi. Olingan laboratoriya xulosalariga ko`ra, barcha tahlil natijalari me`yorida ekanligi ma`lum bo`ldi. Yuqumli kasallik qo`zg`atuvchi virus va bakteriyalar aniqlanmadi.

 

    Boshqa yangiliklar