“Intellektual mulk sohasini yanada rivojlantirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qarorga muvofiq, Davlat bojxona qo`mitasi Intellektual mulk ob`ektlarining bojxona reestriga (Reestr) kiritilgan tovar belgilari bo`yicha qonunchilik talablari buzilishi haqida xabar beradi.
2022 yil 1 sentyabrdan “Yagona darcha” bojxona tizimi orqali intellektual mulk ob`ektlarini Reestrga kiritish to`g`risidagi arizalarni elektron yuborish va ariza holatini onlayn kuzatib borish hamda natijasi bo`yicha arizachilarni xabardor qilish tartibi yo`lga qo`yiladi.
2023 yil 1 yanvargacha intellektual mulk ob`ektlarining auksion savdosini o`tkazadigan “Intellektual mulk – barcha uchun” maxsus internet-auksion savdo platformasi ishlab chiqiladi.
2022 yil 1 oktyabrgacha Internetda mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzgan veb-saytlar to`g`risidagi ma`lumotlarni o`z ichiga oluvchi “Mualliflik va turdosh huquqlar sohasidagi qonunbuzilishlar reestri” axborot tizimi ishga tushiriladi.
Qaror bilan 2022–2026 yillarda O`zbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi.






