AsosiyJamiyat

Samarqandda ham bola o`g`risi paydo bo`lgani aytildi. IIB aslida nima bo`lganini ma`lum qildi

'Samarqandda ham bola o`g`risi paydo bo`lgani aytildi. IIB aslida nima bo`lganini ma`lum qildi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda "Bola o`g`rilari paydo bo`lgani aytilmoqda, qizaloqni oldiga kelib uni aldab olib ketishdi" sarlavhasi ostida video tarqaldi. Holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB matbuot xizmati ma`lumot berdi. 

Ma`lum qilinishicha, 2022 yil 26 aprel kuni Samarqand tumani “Obod” mahallasida yashovchi fuqaro tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, 2022 yil 25 aprel kuni Samarqand tumani “Qo`shko`prik” mahallasi hududida 2013 yilda tug`ilgan qizining voyaga etmaganligidan foydalanib unga bildirmasdan qulog`idagi tilla sirg`asini noma`lum shaxs o`g`irlab ketganligini bildirgan.

Tuman IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida ushbu jinoyatni 1997 yilda tug`ilgan Sabina M. sodir etganligi aniqlanib, qo`lga olingan.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand tumani IIB huzuridagi tergov bo`limi tomonidan Sabina M.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.

"Hurmatli fuqarolar va ijtimoiy tarmoq faollaridan, shu kabi ma`lumot va xabarlarni tarqatishdan oldin ichki ishlar organlaridan uni aniqlashtirib olishlarini so`raymiz", - IIB xabarida. 

Eslatib o`tamiz, kuni kecha Toshkentda 5 nafar bola o`g`irlangani haqida xabarlar tarqalgan va IIBB holatga oydinlik kiritgan edi. 

    Boshqa yangiliklar