AsosiyJinoyat

Surxondaryoda Afg`oniston va Tojikistondan kirib kelgan 23,5 kg narkotik DXX tomonidan fosh etildi

'Surxondaryoda Afg`oniston va Tojikistondan kirib kelgan 23,5 kg narkotik DXX tomonidan fosh etildi'ning rasmi

Surxondaryo viloyati Afg`oniston va Tojikiston bilan chegaradosh hisoblanganligi bois, ushbu davlatlardan giyohvandlik vositalarining respublikamiz hududiga o`tkazilishi xavfi doimo kun tartibida turgan. Shu bois ham Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari bu yo`nalishda muntazam ravishda tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshirib keladi. DXX matbuot xizmati "darakchi.uz"ga Surxondaryoda aniqlangan giyohvandlik savdosi bilan bog`liq jinoiy holatlar haqida ma`lumot taqdim etdi. 

Xususan, tojikistonlik narkokur`er tomonidan Sariosiyo tumaniga o`tkazilib, xufiyona joyga yashirib ketilgan 7 kg 969 gr. “gashish” moddasini olib, kelgusida Farg`ona vodiysidagi jinoiy sheriklariga sotishni rejalashtirgan, Qo`qon shahrida yashovchi, 1980 y.t. shaxs qo`lga olindi. 

Termiz shahrida o`tkazilgan tezkor tadbirda esa 1978 y.t., muqaddam giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi bilan bog`liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan mahalliy fuqaro Tojikistondan aylanma yo`llar orqali olib kelingan 5 kg 83 gr. “opiy” va 896 gr. “gashish” moddalarini sotayotgan vaqtida qo`lga olindi. 

1992 y.t. Afg`oniston fuqarosi chamodanga xufiyona joylashtirilgan 3 kg 884 gr. “opiy” moddasini kelgusida sotish maqsadida bojxona ko`rigidan yashirincha o`tkazib, Termiz shahriga olib kelgan vaqtida ushlandi.

Termiz tumanida qayd etilgan holatda bo`lsa Denov tumanida yashovchi, 1987 va 1998 yillarda tug`ilgan 2 fuqaro xaridorga 997 gr. “opiy” moddasini 2 ming AQSh dollari hamda 40 mln. so`mga sotayotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan qo`lga olindi. So`ngra tezkor tadbir davom ettirilib, Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo`li bilan keltirilgan ushbu ajal og`usining egasi, Denov tumanida yashovchi, 1999 y.t. shaxs ham ushlandi.

Shuningdek, afg`onistonlik narkosavdogarlar tomonidan berib yuborilgan 730 gr. “opiy” va 3 kg 953 gr. “gashish” moddalarini Termiz shahrida qabul qilib olgan vaqtida Xorazm viloyatining Qo`shko`pir tumanida yashovchi, 1965 y.t., muqaddam sodir etgan narkojinoyati uchun sudlangan shaxs ham qo`lga olindi. 

 

O`tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 10 kg 694 gr. “opiy” va 12 kg 818 gr. “gashish” giyohvandlik vositalari musodara qilindi.

 

Hozirda barcha holatlar yuzasidan DXX Surxondaryo viloyati bo`yicha boshqarmasi Tergov bo`limi tomonidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar