O`zbekistonda itlarni quturishga qarshi emlash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Quturish kasalligi qanday bo`ladi? Barchani qiziqtirgan savollar bilan mutaxassisga yuzlandik.
Husan NOSIROV, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo`mitasi Hayvonlar sog`ligini himoya qilish boshqarmasi bosh mutaxassisi: -- Quturish o`ta xavfli o`tkir o`tuvchi virusli kasallik bo`lib, asab tizimining og`ir jarohatlanishi bilan xarakterlanadi. Virusning asosiy manbai it, bo`ri, tulki, chiyabo`ri hamda kemiruvchi va ko`rshapalaklar hisoblanadi.
Kasallik asosan kasal hayvondan tishlash, tirnashi va ochiq jarohat hamda shilliq qavatlarga (ko`z shilliq pardasi, og`iz bo`shlig`i) sulak tegishi orqali yuqadi.
Shuni ta`kidlash joizki, kasallik qo`zg`atuvchi virus o`ziga xos klinik belgilar namoyon bo`lmasdan 10 kun oldin hayvonning so`lagida bo`ladi. Bu paytda hayvon egasiga suykaluvchan bo`lib, salqin, qorong`u, tinch joyni izlab, shovqin va suvdan qochishga xarakat qiladi.
– O`zbekiston sharoitida ushbu kasallikni oldini olish bo`yicha qanday ishlar olib borilmoqda?
— Viloyat va tumanlarimizda aholi bilan suhbatlar hamda fuqarolar ko`p yig`iladigan (do`konlar, banklar, pochta) maskanlarda it saqlash qoidalari bo`yicha va kasallikka oid bo`lgan rangli varaqa va plakatlar tarqatilmoqda.
Xozirgi kunda O`zbekiston sharoitida quturish kasalligiga qarshi emlash uchun Chexiya davlatida ishlab chiqarilgan “suyuq faolsizlantirilgan "BIOKAN-R" emlamasidan samarali foydalanib kelinmoqda.
– Nima uchun aynan quturish kasalligi ko`proq it yoki daydi qarovsiz itlardan yuqadi?
— Bu holatni to`g`ridan-to`g`ri yovvoyi fauna bilan bog`lash mumkin, misol uchun asosan qishloq sharoitida 85-90 % egali itlar bog`liq holda ushlanmaydi, hovlilar ochiq, o`ralmagan, shu sababli itlar asosan kechqurun qorin to`ydirish ilinjida, egulik izlab uydan tashqariga chiqishadi. Natijada qarovsiz daydi itlar yoki yovvoyi hayvonlar bilan kontaktda bo`ladi. Bundan tashqari ushbu hayvonlar oldidan chiqqan kemiruvchi va o`laksalar bilan oziqlanadi va natijada ushbu itlar emlanmagan bo`lsa, kasallik yuqtirib olish ehtimoli yuqori bo`ladi.
SAQLANADIGAN ITLAR UChUN MAJBURIY SOLIQ
— Daydi va qarovsiz hayvonlar tomonidan kasallik kelib chiqishining oldini olish bo`yicha xorijiy davlat tajribalari o`rganilganda, ularda qarovsiz hayvonlar (it, mushuk) uchun boshpana (priyut)lar tashkil etilgan. Har bir saqlanadigan itlari uchun majburiy soliq to`lovlari belgilangan. Masalan, Belorusiyada 2 evrodan 9 evrogacha, Gresiya va Belgiyada 50 evrogacha, Ispaniya, Bolgariya, Italiya, Chexiya va Shvesiya davlatlarida 10 evrodan 60 evrogacha soliq belgilangan.
Bizda ham hozirda daydi va qarovsiz hayvonlar ko`payishining oldini olish bo`yicha xalqaro tajribalarni o`rgangan holda Vazirlar Mahkamasining qaror loyihasi tayyorlanmoqda.
– Kasallik yuqmasligi uchun nimalarga e`tibor berish kerak?
— Xizmatdagi va xonadondagi mavjud barcha itlarni o`z vaqtida quturish kasalligiga qarshi emlatish;
bolalarning itlar bilan o`ynashiga yo`l qo`ymaslik;
xonadondagi itlarni ko`chaga qarovsiz qo`yib yubormaslik;
itlarni ko`chaga bo`yinbog` va tumshuqbog`siz olib chiqmaslik;
odam yoki hayvonga jarohat etkazgan itni albatta veterinar kuzatuviga olib borish.
It tishlashdan jabrlangan odam shu zahotiyoq tibbiyot muassasiga murojaat qilishi zarur.
MA`LUMOT UChUN: Butun dunyoda har yil 28 sentyabr quturish kasalligiga qarshi kurash kuni deb e`lon qilingan.






