AsosiyJamiyat

Nasiba MAQSUDOVAning shirin diydorini qo`msab...

'Nasiba MAQSUDOVAning shirin diydorini qo`msab...'ning rasmi

Tomoshabinlarning qadrdon suxandoni, rahmatli Nasiba Maqsudova “Kosmonavtlar kunida tug`ilganman” derdi faxr bilan. Buning ham bir hikmati bormi, uning hayotidagi ijodiy parvozlarga barchamiz guvoh bo`ldik. 68 yillik umri davomida Nasiba opa o`zidan shirin xotiralar va yaxshi nom qoldirdi.  

“Rafiqam vaqtni juda qadrlardi...”

Anoritdin Muhammadnabi o`g`li, Nasiba Maqsudovaning turmush o`rtog`i:

— Rafiqam Nasibaxon Maqsudova bilan nikoh to`yimiz 1969 yili 18 sentyabr kuni bo`lib o`tgandi. Hayotimiz davomida 3 farzandni tarbiyalab, voyaga etkazdik.  O`g`limiz  Otabek va Barnoxon shifokor, Go`zalxon esa ingliz tili bo`yicha kuchli mutaxassis bo`lib etishishdi. Ikki kuyovi uchun “Onajon” bo`lib, chuqur hurmat va extiromga sazovor bo`lgan rahmatli ayolim kelini uchun ham hurmatli, e`tiborli, mehribon qaynona bo`la oldi.  

Nasibaxon o`z kasbini haddan tashqari sevar edi. O`zbekiston televideniesida 1964 yildan e`tiboran umrining oxirgi damlarigacha faoliyat yuritganlari kasbga sadoqat timsolidir. Nasibaxonning ko`rsatuvlarini muxlislar sog`inib kutishlari, haftada 30-40 talab maktub yo`llab minnatdorchilik izhor etishlari, telefonda ko`rsatuvga ijobiy munosabat bildirishlari, to`y-hashamlarda, teatr-kino, hatto bozorlarda o`rab olib suhbatlashishlari, suratga tushib, dastxat so`rashlarini oliy mukofot deb qabul qilar edi.                                              

Nasibaxonning el suygan aziz va mo``tabar inson ekanliklarini janozasida mingdan ortiq kishilar qatnashgani, oylar davomida uyimizga respublikamizning barcha viloyatlari hamda qo`shni respublikalardan hamdardlik bildirishga kelgan insonlarning qadami uzilmaganidan ham bilish mumkin.  

U uchun eng qadrli narsa, bu vaqt edi. Bir kunlik vaqtidan taxminan 60-65 foizini sevgan dasturlariga bag`ishlagani bois dam olish, sog`liqni tiklashga fursat topilmas edi. Oqibatli shogirdi, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi Muslimbek Yo`ldoshevning ta`kidlashicha, “Diydor shirin” ko`rsatuvining bitta sonini tayyorlab, efirga uzatish uchun oilaning bitta to`yini tashkil qilib, o`tkazishga teng vaqt va kuch sarflanar ekan. Nasibaxon esa kichik sonli kollektiv ishtirokida har oyda 2 tadan 5 tagacha shunday katta ko`rsatuvni tayyorlar edi...  

Sadoqatli, oriyatli, chuqur mulohazali, oilaparvar mehribon rafiqam Nasibaxonim bizdan rozi bo`lgan bo`lsin. Oxiratlari obod, joylari jannatdan bo`lishini Yaratgandan tilab qolaman.

 

“Ota-onam abadiy yashaydi, deb o`ylar ekansiz...”

Barno Aminova,  Nasiba Maqsudovaning to`ng`ich qizi:

— Onajonim men uchun faqat Ona emas, balki sirdosh, murabbiy, namuna edilar. Yoshligimda ularning yon daftarlarida o`zlari yozgan she`rlarini o`qib, bu to`rt qator qalb so`zlarini o`zimga  shior qilib olganman.

Hech kimga men qilmayman havas,

Hech kimga men qilmayman hasad!

Bitta Onam menga muqaddas –

Onamga men qilaman havas!

Farzandlarimdan ularning yuz tuzilishlarini, tabassumlarini  qidiraman... Har qanday holatda “Onajonim nima maslahat bergan bo`lar edilar? Shu vaziyatdan qanday qilib chiqqan bo`lar edilar? Falonchi shunday dedi, Onajonim nima deb javob bergan bo`lar edilar?” deb o`zimcha xayolan har bir harakatlarini ko`z oldimga keltirgan holatda, echilmagan muammoni echishga baholi-qudrat harakat qilayapman. Onajonim doim “Tushkunlikka tushma, qizim, ukang, singling senga qarab turishibdi, adajoningni ham o`yla!” degan bo`lardilar degan xayollar aylanadi miyamda...

Onam esa o`z ishlarining fidoyisi edi. Hech kimnikiga o`xshamagan ko`rsatuvni tashkillashtirib, takomillashtirib orziqib kutiladigan bir noyob ko`rsatuv darajasiga olib chiqdilar.  Buni qarang-ki, hattoki Arabiston ko`chalaridayam onamni tanib, salomlashib o`tib ketishgani u kishi uchun odatiy hol edi.  

Inson farzandi ota-onam  abadiy yashaydi, deb o`ylar ekan... Onajonim rahmatli hamma narsani o`rgatib ketdilar, lekin, o`zlarisiz yashashni o`rgatmasdan ketgan ekanlar...  

 

“Shunday ayolning kelini bo`lganimdan faxrlanaman”

Dilnoza Akramxo`jaeva, Nasiba Maqsudovaning kelini:

— Qaynona oyijonim latofatli va dildor, tili shirin, muomalada tengi yo`q ayol edilar. Ular bilan menga uyimiz qonun-qoidalari, farzand tarbiyasi, uy-ro`zg`or ishlarini yuritish sirlarini o`rgatishlari jarayonida  yaqin sirdosh bo`lib qoldik. Kelin bo`lib tushganimda Toshkent davlat yuridik instituti  uchinchi bosqich talabasi edim. O`qishni muvaffaqiyatli tugatib, magistraturada, undan keyin aspiranturada o`qidim. Bu  5-6 yil davom etdi. Shu davrdagi erishgan hamma muvaffaqiyatlarimda  oyijonimning hissalari katta.  Chunki beg`araz yordam va imkoniyatlar, samimiy munosabat bilan meni qo`llaganlar.  

Oyijonim nevaralarini haddan ortiq sevardilar. Vaqtlari ziq bo`lishiga qaramasdan, to`rt o`g`il nevaraning har biriga o`zidan, xarakteridan kelib chiqqan holda tarbiyalashga imkon topardilar. Ularni suv havzasida cho`milishga, kortlarda tennis o`ynashga, stadionda futbol mashqlariga, shaxmat akademiyasi va boshqa joylarga o`zlari olib borar edilar.

Oyijonim tengi yo`q pazanda, dasturxon bezatish, mehmon kutishni yaxshi ko`radigan ayol edilar. Shunday aziz  insonning kelini bo`lganimdan faxr va iftixorga to`lib ketaman.

 

“O`sha kun osmon boshqacha edi...”

Go`zalxon Aminova, Nasiba Maqsudovaning  kenja qizi:

— O`sha 2017 yilning 8 fevral kechasi men Onajonimning  oldilaridagi  "navbatchiligimni" topshirib, adajonim bilan hovliga chiqdik. Osmonga qarab, mahliyo bo`lib qoldik. "Adajon, qarang, osmon qanday chiroyli, oy yorqin, bulutlar paxtadek bo`lak-bo`lak, ajoyib bir rangda. Ertaga Barno opam uchib kelayaptilar, Onajonim ham ancha tuzalib qoldilar, Xudoyimga shukr!" dedim. Shu kecha Onajonimning oxirgi kechalari ekan. Dafn marosimigacha havo issik bo`lib turdi-da, ertasi kuni butun olam oppoq qorga belandi. Alomatlar, belgilar, hammasi xosiyatli edi, deb o`ylayapman endi...                                                                                                                                            

Onamni eslamagan kunim, soatim, soniyam yo`q. Haqlariga doim duo qilaman. Bergan sutingizga, singdirgan mehnatingizga rozi bo`lib ketgan bo`lsangiz, armonim yo`q, deyman. Alloh onajonimdan rozi bo`lsin, borgan joylari Jannatu gulu-guliston bo`lsin!

Tuhfa NAZAROVA

("Даракчи" газетаси, 2022 йил 28 апрель, 17-сон)

    Boshqa yangiliklar