AsosiyJamiyat

​Spinal mushak atrofiyasi: Bemor bolalar davlat tomonidan dori-darmon va tibbiy vositalar bilan ta`minlanadi

'​Spinal mushak atrofiyasi: Bemor bolalar davlat tomonidan dori-darmon va tibbiy vositalar bilan ta`minlanadi'ning rasmi

Sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari Elmira Bositxonova spinal mushak atrofiyasi kasalligining oldini olish, uni erta bosqichlarda aniqlash va samarali davolash bo`yicha belgilangan vazifalar haqida ham to`xtalib o`tdi.

— Mamlakatimizda bu xastalikka chalingan bemorlar uchun zarur dori, reabilitasiya va maxsus ozuqa vositalari davlat byudjeti hisobidan xarid qilinmaganligi hamda bemorlarda faqatgina simptomatik muolaja o`tkazilgani sababli kasallik og`ir kechib, erta o`lim bilan yakunlanayotgan edi, — deydi E.Basitxanova.

— Prezidentimizning “Spinal mushak atrofiyasi tashxisi qo`yilgan bemor bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko`rsatish va dori vositalarini bepul etkazib berish tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilinishi bilan bunday muammolar echimini topadigan bo`ldi.

Jumladan, endi spinal mushak atrofiyasi tashxisi qo`yilgan bemor bolalar davlat tomonidan patogenetik dorilar, ortopediya moslamalari va reabilitasiya vositalari bilan ta`minlanadi.

Xavf guruhidagi homilador ayollar Ona va bola skrining markazlarida va Milliy referens laboratoriyalarida bepul diagnostikadan o`tkazilib, ularni davolash strategiyasi belgilanishi ham katta yangilik.

Shuningdek, qarorda 2022 yil 1 iyuldan boshlab nikohlanuvchilar o`z hisobidan Aholi reproduktiv salomatlik markazining filiallari orqali molekulyargenetik testdan o`tishi qayd etilgan.

Respublika Ona va bola skrining markazi hamda uning hududiy bo`limlarida spinal mushak atrofiyasi diagnoziga ega bo`lgan oilalarning elektron Yagona milliy registri yuritilishi ham ijobiy natija berishi, shubhasiz.

Bundan tashqari, shu yil 1 maydan boshlab spinal mushak atrofiyasi kasalligi bo`lgan bemor bolalar reabilitasiyasi uchun U.Qurbonov nomidagi Respublika bolalar ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasida 10 ta stasionar o`rin tashkil etilmoqda.

Hududlardagi bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazlarida multidissiplinar (nevrolog, pediatr, reanimatolog, pulmonolog, ortoped, xirurg) tekshiruv hamda davolash (operativ kontrakturalar va suyak deformasiyalarini to`g`rilash) jarayoni yo`lga qo`yiladi.

Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tomonidan 2022 yil 1 iyundan boshlab uy sharoitida davolanayotgan bemor bolalarga zarur bo`lgan texnik (15 turdagi) vositalar bepul ijaraga beriladi.

Shuningdek, Sog`liqni saqlash vazirligi huzurida Spinal mushak atrofiyasi tashxisi qo`yilgan bemor bolalarni qo`llab-quvvatlash jamg`armasi tashkil qilinishi mablag` masalasida qiynalayotgan bemorlarning yaqinlari uchun chinakam ko`mak bo`ldi.

    Boshqa yangiliklar