AsosiyJamiyat

Yulduz Rajabova "Zuleyha"serialidagi turk aktrisasiga taqlid qiladimi?

'Yulduz Rajabova "Zuleyha"serialidagi turk aktrisasiga taqlid qiladimi?'ning rasmi

“Sevimli” telekanalida efirga uzatilayotgan “Qora quti” seriali sifati, voqealar rivoji bilan ko`pchilik tomoshabinlarga manzur bo`lmoqda. Turkiyalik ijodkor tomonidan yozilgan ssenariy asosida suratga olingan serialda o`zgacha ruh yaqqol sezilib turibdi. Qolaversa, aktyorlar jamoasi ham o`z so`zini aytgan. Ijodkorlar bilan suhbatlashib, “Qora quti” ichida yashiringan ba`zi haqiqatlarga oydinlik kiritdik. 

“Gonorari katta aktyorlarning injiqliklari ham katta bo`ladi”

— “Qora quti” serialini tomosha qilar ekanmiz, yaxshigina mablag` sarflangan bo`lsa kerak, degan fikr xayolga keladi…

Qobiljon SOTIMOV, serial prodyuseri:

— Ushbu serialni suratga olishdan maqsadim, o`zbek seriallari reytingi yuqorilashida o`z hissamni qo`shish edi. Shu bois ham “Qora quti”ga sarflangan mablag`ga boshqalar bir necha serial suratga olishadi, deb ayta olaman. Ammo sarflamasangiz, natija ham bo`lmaydi. Axir seriallarimizni boshqa davlatlarda ham ko`rishadi va demak, o`zimizni munosib ko`rsata olishimiz kerak. 

— Adiz Rajabov, Yulduz Rajabovalar gonorari ham katta bo`lsa kerak?

— Ha, tajribali aktyorlarning gonorari ham o`ziga yarasha bo`ladi. Lekin gonorardan tashqari saviya, jamoa degan omillar bor. Qolaversa, nafaqat ular, balki Gulruh Pirnazarova, Zilola G`ulomovalar ham kichik gonorar olishayotgani yo`q. Kostyumlarga ham katta ahamiyat qaratyapmiz. Bularning hammasi moddiy ta`minot talab qiladi.

— Izohlarda “Bu serial ham 3,4 faslga cho`zilmasa bo`ldi” degan qarashlar ham yo`q emas…

— Serialimiz qancha fasl bo`lishini vaqt hal qiladi. Ammo ertakka aylanishni boshladimi, to`xtatamiz. Chunki bu loyihada hamma shaxsiy brendi uchun harakat qilyapti. Turkiyadan yangi qismning ssenariysi kelishi bilan hammamiz o`qib, kerakmas epizodlarni olib ham tashlaymiz. Chunkitomoshabin zerikib qolmasligi muhim. 

—"Ijodkorlar injiq bo`ladi" deyishadi. Suratga olish jarayonida aynan kimlarning qanday injiqliklarini ko`tarishga to`g`ri keldi? 

— To`g`risi, hozirgacha injiqliklar kuzatilayapti. Lekin men ular bilan imkon qadar murosa qilishga harakat qildim. Shu qatorda ular ham mening ko`nglimga qarashdi. Jamoamizda “o`zimning gapimni o`tkazaman” degan qarash bo`lmadi. Hozir ko`p seriallarda birorta aktrisa bilan muammo chiqsa, u aktrisani yo`qotib, o`rniga boshqani olib kelishadi. Bu esa saviyani tushiradi. Nima ish boshlashdan avval o`sha ishning o`z imzosini yaratish kerak. Biz serialdagi musiqalargacha ahamiyat berdik. Ya`ni, o`zimiz ham loyiha chiroyli chiqishi uchun injiqlik qildik.

E`tirozlar ham bor...

—Rejissyor sifatida turk muallifi yozgan asar bilan ishlash qanchalik qiyinchilik tug`dirdi?

Durbek MAMAJONOV, serial rejissyori:

— Albatta, oson kechgani yo`q. Muallifning qarashlarini o`zimizga moslashtirishga to`g`ri keldi, bu tabiiy albatta. Har kuni tortishuv, muhokamalar bo`ldi va hamon davom etayapti. Nafaqat ssenarist bilan, balki aktyor, aktrisalar bilan ishlash ham engil kechmadi. Sababi aktyorlarimiz barchasi professional. Ularning vaqti bir-biriga to`g`ri kelishi muammo. Ammo Adiz Rajabov, Yulduz Rajabovalardan ham fikr olib, maslahatlariga quloq tutib, chiroyli ishladik. 

—“Oilali ayolni sevishni hech narsa bilan oqlab bo`lmaydi” degan e`tirozlar ham yo`q emas… 

—To`g`ri,birovning ayoliga ko`z olaytirish gunoh. Ammo guruch kurmaksiz bo`lmaydi. Qolaversa, bu badiiy to`qima. Aytmoqchimanki, tomoshabin orasida shu yo`lda ketayotganlar bo`lsa, bir seskanib, o`z aksiga qarashdan uyalishi hech gapmas. Ammo bu masala bizni o`ylantirmasdan qolmagan, albatta.

“Birovning hayotini buzishga hech kimning haqqi yo`q”

— Tomoshabinlar “Yulduz Rajabova turk aktrisalariga, masalan, Hilal Tinbilekka taqlid qilayotgandek” mazmunidagi izohlar ham qoldirishmoqda. (“Zuleyha” serialidagi aktrisa nazarda tutilgan)

Yulduz RAJABOVA, bosh rol ijrochisi:

—Ochig`i, bu fikrni eshtishim bilanoq ushbu aktrisa haqida bilish uchun “gugl” ga murojaat qildim. “Zuleyha” seriali haqida ma`lumotga ega emas ekanman. Shuning uchun unga taqlid qilishim mumkin emas. Men har doim rollarimni yoki rejissyor yordamida, yoki o`zimdan kelib chiqqan holda gavdalantirganman.

— Bugun xiyonatga ko`z yumib yashayotgan ayollar ham oramizda yo`q emas. Sizning bu mavzudagi shaxsiy fikringiz qanaqa?

— Ishonch, bu —insonning eng nozik gavhari. U yo`qoldimi, qayta topolmaysiz. Hech qaysi ayol xiyonatga loyiq emas. Chunki erkak kishi hayoti davomida bir tanlov qildimi, u tanlovni hurmat qilishi shart! Tanlovni hurmat qilmadimi, demak,o`zini ham hurmat qilmas ekan! Hech kimnig qarshisidagi insonning hayotini buzishga haqqi yo`q. 

“Yulduzga rahmim keladi”

—Bugun Yulduz singari oilali erkaklarga ishonib yurgan qizlar oramizda kam emas. Ularga aytar gaplaringiz bormi?

Gulruh PIRNAZAROVA, bosh rol ijrochisi: 

— Yulduz aslida yomon inson emas. U shunchaki sevib qoldi, xato bo`lsada sevib qolgan. Lekin birovning oilasini buzish va o`z dugonasini aldashini oqlamayman. Balki oramizda shunday qizlar bordir. Ular bu qanchalik xatoligini tashqaridan ko`rib xulosa qilishlarini xohlardim. To`g`risi, men qahramonim Yulduzni juda yaxshi ko`raman va unga rahmim keladi. Har bir oilada er-xotin o`rtasida uzilishlar bo`lib turadi. Shunday vaziyatda erkak ko`chadan baxt qidirib qoladi. Qahramonim Yulduz singari “ko`nglimga buyruq berolmayman” deya o`ylaydigan qizlar esa tuzoqqa tushishadi. Ularga aytar gapim: kimgadir ermak bo`lmang. Har bir erkak vaqt o`tib baribir o`z oilasini, farzandlarini tanlaydi. 

“Haqiqatni ayta olmayman...”

— Siz o`ziga ishongan, qat`iyatli, adolatparvar qiz rolini ijro qildingiz. Inson doim ham haqiqatparvar bo`lishi qiyin, shunday emasmi?

Zilola G`ULOMOVA, bosh rol ijrochisi:

—Ba`zan vaziyatga qarab haqiqatga ko`z yumishga to`g`ri keladi. Nokamtarlik bo`lmasin-u, “Qora quti” serialidagi obrazim hayotdagi Zilolaga juda ham yaqin. Meni yaqindan bilganlar ham “O`zingizni ijro etibsizmi?” deb kulib qo`yishyapti. Haqiqatmasalasiga kelsak, doim tanganing ikkinchi tomoni borligi haqida ham unutmaganimiz ma`qul. Sizning haqiqatingiz kimnidir yaralab qo`yishi, joniga qasd qilishgacha olib borishi mumkin. Serial davomida Laylo haqiqatni aytishgaqaror qilganida dugonasining “Men xiyonatni ko`tara olmayman” degan gapini eshitib fikridan qaytadi. 

— Serialdagi ijroingizdan so`ng tomoshabin bilan qandaydir noodatiy to`qnashuvlarga duch keldingizmi? 

—Kuni kecha ham aytganingizday noodatiy holat yuz berdi. Svetaforda to`xtab tursam, yonimdagi mashina tomondan “Serial zo`r ketyapti. Lekin siz Zaraga haqiqatni aytishingiz kerak. Aks holda Zara sizdan xafa bo`ladi” degan ovoz eshitildi. 

— Suratga olish jarayonlarida-chi,adolatsizliklarga duch kelmadingizmi?

— “Qora quti” seriali ijodkorlari bilan bir-birimizni tushunib ishladik. Bu serialning boshqa seriallardan farqi, ommaviy epizodlarimiz juda ham ko`p. Har safar uch-to`rt kishi bo`lib rol ijro etyapmiz. Bir-birimizni ko`rmasak, sog`inib qolishimiz ham bor gap. Shu tufayli “adolatsizlik” so`zi aynan bu serialga talluqli emas. Lekin, ming afsus, boshqa film, seriallarda bunday holatlar ko`p uchragan. “Ijodkor” so`ziga nomunosib bo`lgan, pul to`lab rol ijro etadiganlarga boshqacha munosabat ko`rsatib, ham teatr, ham kino aktyorlariga esa… Bu holatlarda juda qattiq ranjiyman! Qolaversa, gonorarimni ololmagan vaziyatlarim ham bo`lgan. Karantin vaqtida qiynalib rol ijro etib, “serial o`zini oqlamadi” degan bahona bilan gonorarimni ololmagan paytlarim ham bo`ldi... “Qora quti”da esa munosabatlar chiroyli ketayapti. Bu serialning sifatiga ta`sir qiluvchi omil. 

Mohigul DIYoRXO`JAEVA suhbatlashdi

("Darakchi" gazetasi, 2022 yil 5 may 18-son)

    Boshqa yangiliklar