Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Jumladan:
- joriy yil 1 iyuldan yagona vertikal boshqaruv asosida “103” Respublika tez tibbiy yordam markazi va uning viloyat filiallari tashkil etiladi;
- tumanlarda chaqiruvlarni qabul qilish dispetcherlik xizmati tugatilib, viloyatlarda yagona Koll-markaz tashkil etiladi;
- tez tibbiy yordam ko`rsatish bir tuman hududida emas, masofaga qarab butun viloyat bo`yicha yo`lga qo`yiladi;
- Koll-markazda operatorlar bilan birga alohida tibbiyot-maslahat brigadasi faoliyat olib boradi.
Ya`ni, tez yordam brigadasi etib borguniga qadar ularga bemorning ahvoli haqida xabardor qilib turish, oila a`zolariga og`ir ahvoldagi bemorga birinchi yordam ko`rsatish bo`yicha telefon orqali maslahat berish bilan shug`ullanadi.
Tez yordam xizmatini tashkil etish va raqamlashtirish uchun 85 milliard so`m va Jahon bankidan jalb qilingan 5 million dollar yo`naltiriladi.
Shuningdek, viloyat koll-markazlari tizimiga tez tibbiy yordam xizmati mavjud xususiy klinikalar ham ulanadi.
Shuningdek, yil yakuniga qadar 10 mingta ko`chaga nom berish ishlarini yakunlash topshirildi.
Mutasaddilarga yil yakuniga qadar O`zbekistonning elektron raqamli xaritasini ishga tushirib, barcha shoshilinch xizmatlar bilan integrasiya qilish topshirildi.
2022–2025 yillarda tez tibbiy yordam tizimidagi barcha “Damas” va boshqa eskirgan mashinalar zamonaviy avtomobillarga almashtiriladi.
Xususan, 2022 yilda 890 ta, 2023 yildan boshlab har yili 450 tadan yangi avtomobil, jumladan, reanimasiya mashinalari olib beriladi. Barcha tez yordam transportlari navigasiya tizimiga ulanadi.
Bu maqsadlar uchun tez tibbiy yordamga byudjetdan ajratilayotgan mablag`larni ochiq-oshkora sarflash tizimini yaratish, iqtisod qilingan mablag`larni transport parkini yangilashga yo`naltirish zarur.
Natijada kelgusi 3 yilda tez tibbiy yordam avtoparki to`liq yangilanadi.
Buning natijasida chaqiruvlarga etib borish vaqti 3 barobarga qisqaradi.
“O`zavtosanoat” oldiga joriy yilda olib berilishi lozim bo`lgan mashinalarni o`z vaqtida ishlab chiqarib, etkazib berish vazifasi qo`yildi.






