2021 yilning avgust oyida Qarshi shahrida sport ustasi E. Rahimov qasddan o`ldirilgan edi.
6 may kuni, Qashqadaryo viloyat sudida 26 nafar sudlanuvchiga nisbatan jinoyat ishini ko`rib chiqish bo`yicha sud jarayoni nihoyasiga etdi va sud hukmi e`lon qilindi. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati xabar berdi.
Ushbu jinoyat ishi Qashqadaryo viloyat sudi sudyasi F. Yusupov raisligida ko`rib chiqildi.
Sudlanuvchilarning barchasi Qashqadaryo viloyatida tug`ilgan bo`lib, ularning 3 nafari voyaga etmagan shaxs hamda 3 nafari ichki ishlar organlarining sobiq xodimlari.
Sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 97, 109, 111, 127, 137, 169, 277, 28,137, 28,211, 28,277, 210, 230-1, 241-1 moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.
E`lon qilingan sud hukmiga ko`ra, sudlanuvchilarning 19 nafariga 3 yildan 20 yilgacha bo`lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 1 nafariga 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi, voyaga etmagan shaxslarga 5 yil 6 oydan 10 yilgacha bo`lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda ichki ishlar organlarining sobiq xodimlariga 3 yildan 8 yilgacha bo`lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Marhumning qonuniy vakili foydasiga 11 nafar sudlanuvchidan solidar tartibda 10 800 000 so`m miqdorida moddiy zarar va 150 000 000 so`m miqdorida ma`naviy zarar undirilishi belgilandi.
Mazkur jinoiy ish bo`yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan sudlanuvchilarga va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi.






