Top-500 talikka kirgan xorijiy OTM bitiruvchilari va ilmiy daraja olgan yosh mutaxassislar oylik maoshiga ustama qo`shiladi. Bu haqda AOKAda o`tkazilgan brifingda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Sevara Zokirova xabardor qildi.
Ma`lum qilinishicha, O`zbekiston Respublikasi Prezident Farmoni bilan xorijdagi nufuzli oliy ta`lim muassasalarida ta`lim olayotgan, ilm-fan bilan shug`ullanayotgan, etakchi kompaniyalarda ishlayotgan va bilim hamda malakali O`zbekiston yoshlarining mamlakatga kelib ishlashi uchun zarur shart-sharoit yaratish, choralari ko`rilmoqda.
Farmonga ko`ra, davlat organlari, tashkilot va muassasalarida faoliyat ko`rsatayotgan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 500 talik ro`yxatiga kiritilgan xorijiy oliy ta`lim muassasalarini (bakalavriat, magistratura) tamomlagan yoki ularda ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan qo`shimcha ustamalar to`lab borish tartibi joriy etilgan.
Qayd etilishicha, belgilangan qo`shimcha ustamalar Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, yosh mutaxassis va uning ish beruvchisi o`rtasida imzolangan shartnoma asosida har oy to`lab boriladi. Shartnoma 3 yilgacha bo`lgan muddatga tuziladi va to`lovlar ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi.
"Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan shakllantirilgan oylik ustamalar tatbiq etiladigan ta`lim yo`nalishlari, tor mutaxassisliklar ro`yxati, davlat organlari, tashkilot va muassasalari ro`yxati Agentlikning rasmiy veb-sayti — www.argos.uz ja joylashtirilgan",-deyiladi xabarda.
Ma`lumot uchun, xalqaro e`tirof etilgan reyting beruvchi tashkilotlar – Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education, Academic Ranking of World University hisoblanadi.