Internet saytlarida “Toshkentda uchta muzeyni rekonstruksiya qilish ishlari turk kompaniyasiga tendersiz topshirildi” nomli e`lon qilingan maqoladagi masala bo`yicha Toshkent shahar hokimligi munosabat bildirdi.
Aniqlik kiritilishicha, joriy yilning 18 aprel kuni davlatimiz rahbariga Toshkent shahri va respublika darajasidagi muhim ob`ektlar qurilishi hamda istiqbolli investisiya loyihalari taqdimot qilingan.
Loyihalar orasida O`zbekiston tarixi davlat muzeyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi hamda Davlat tabiat muzeyini rekonstruksiya qilish hamda raqamlashtirishni nazarda tutuvchi taklif ham bo`lgan va u "Outdoor Factory" kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan.
Mazkur loyiha ma`qullanib, taqdimot bayonida uni moliyalashtirish manbasi ko`rsatilib, rekonstruksiya va jihozlash ishlari bo`yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va pudrat ishlarini amalga oshirish uchun, "Outdoor Factory" kompaniyasi (Turkiya) bilan to`g`ridan-to`g`ri shartnoma tuzilishiga ruxsat berilgan.
Shundan kelib chiqib aytish joizki, Toshkentda uchta muzeyni rekonstruksiya qilish ishlari turk kompaniyasiga tendersiz topshirilgan, “Outdoor Factory” poytaxtimizdagi yirik ob`ektlarni loyihalash va qurishda ishtirok etgani yoki kompaniya kimningdir shaxsiy qaroriga binoan emas, balki belgilangan talablar asosida loyihani ishlab chiqib, taqdim etgani uchun yuqori darajadagi taqdimot muhokamasi natijasida unga ishonch bildirilgan.






