Inson xotira bilan tirik, qadr bilan ulug`. O`tganlarni, ularning xayrli ishlarini, jasoratini yodga olmoq, e`zozlamoq xos ezgu fazilatlardandir. Xususan bugun ular ikki karra ko`proq yod etilajak kun. Ya`ni 9 may — Xotira va qadrlash kuni.
So`nggi yillarda 9 may sanasi yanada yangicha mazmun-mohiyat kasb etib, O`zbek xalqi ma`naviy olamining muhim bir jihatiga aylandi. Endilikda bu ayyomda nafaqat o`tganlar xotiralanadi, balki keksalik gashtini surib umrguzaronlik qilayotgan yoshi ulug`lar, faxriylar qadrlanadi.
Shunday sanada bashariyat boshiga misliz kulfatlar yog`dirgan Ikkinchi jahon urushi frontlarida qatnashgan o`zbekistonlik jangchilarni yod olmay bo`lmaydi. Ular 1941 — 1945 yillarda o`zlarining botir, mard, qo`rqmas, jasurlik xislatlarini namoyon qilib qahramonlik namunalarini ko`rsatdilar.
Urushning dastlabki oylarida Toshkent shahrining o`zidan 100 ming yigit va qisman ayollar harbiy xizmatga jalb qilingan . Ayrim ma`lumotlarga ko`ra, O`zbekistondan bir million kishi frontga olingan. Biroq bu raqam unchalik to`g`ri emas, deb hisoblanadi. Chunki Germaniyada tuzilgan “Turkiston legioni” 1 mln. 800 ming kishini o`z ichiga olgan. Bu legionning rahbarlaridan birining so`zicha, uning tarkibida tojik, qozoq, turkman va qirg`izlardan tashqari o`zbeklar ham bo`lgan. Ma`lumki, jang maydonlarida yarim millionga yaqin o`zbek halok bo`lib, qolgan yarim millioni Vataniga qaytgan. Bu ikki raqam bir-biriga qo`shilsa, bir million bo`ladi. Endi “Turkiston legioni”dagilar hisobga olinsa, jangga tortilgan o`zbeklarning soni ancha oshib ketadi.
Ocharchilik va kasalliklar qishloqlarda avjiga minib, ko`p odamlarning yostig`ini quritdi. Bolalarning orasida ham o`lim ko`p uchrardi. Biroq sho`ro davlatining e`tiborsizligi tufayli urush vaqtida orttirilgan qiyinchilik va azob-uqubatlar tamomila bartaraf qilinmadi. Ayniqsa, urush nogironlarining qadr-qimmati o`rniga qo`yilmay, ular o`z holiga tashlab qo`yildi.
Xulosa qilib aytganda, urush yillarida mashaqqatli mehnat va azob-uqubatdan boshqa narsani ko`rmagan odamlarning ko`pchiligi qayg`u-alam girdobida jon berdilar. Shunga o`xshash urush qatnashchilarining talay qismi yorug` kunlarni ko`rmadi. Biroq shuni unutmaslik kerakki, ularmisli ko`rilmagan azob-uqubatlar va talofatlar hisobiga butun insoniyat boshiga tushgan ofatni bartaraf qilishga ulkan hissa qo`shib, jahon tarixida o`chmas iz qoldirishdi.






