AsosiyJamiyat

“U kunlarni biz ko`rdik, avlodlarimiz ko`rmasin” Urush dahshatlarini ko`rgan zamondoshlarimiz xonadonida... (video)

'“U kunlarni biz ko`rdik, avlodlarimiz ko`rmasin”     Urush dahshatlarini ko`rgan zamondoshlarimiz xonadonida... (video)'ning rasmi

9 may — “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan II jahon urushida qahramonlik ko`rsatgan, bugungi kunda biz bilan bir havodan nafas olib turgan insonlarning uylariga tashrif buyurishni lozim topdik. Ular bilan jang dahshatlari, urush xotiralari, bugungi tinchlik zamon va dorilomon kunlarning qadri haqida suhbat qildik...

                  “Qo`limizga yog`och miltiq berib, jang qilishni o`rgatganday bo`lishardi”

Maqsud ota OQILOV, urush qatnashchisi:

"Biz oilada 6 nafar farzand edik. Shundan to`rttamiz urush qatnashchisi bo`lganmiz. Men oilada to`rtinchi farzandman. Eng katta akam urush boshlangan yillarda ToshMI (hozirgi Toshkent tibbiyot akademiyasi)ning talabasi edi. Katta akamning o`qishi hali tugamaganligi sababli urush boshlangan paytda armiyada bo`lib turgan ikkinchi akamni armiyadan urush maydoniga olib ketishgan. 1939 yil armiyaga ketgan bo`lsa, 1941 yil jang maydoniga kirgan. Shundan so`ng eng katta akamizni, uning ortidan uchinchi akamni ham urushga safarbar qilishdi. 1943 yilda navbat menga kelgan edi. Akalarimni avval Samarqandga olib borib, jangga tayyorlashlari haqida eshitgandik. Shuning uchun, meni ham olib ketishayotganda zora akalarimning birortasini ko`rib qolarman, hali olib ketishmagandir degan umidda Samarqanddan ketishni o`zim tanlaganman. O`shanda endi 10 sinfni bitirgan edim. Shunday qilib, bizni 3 oy Samarqandda qotgan, mog`orlagan non va quruq baliq bilan boqishdi. Qo`limizga yog`och miltiq berib, jang qilishni o`rgatganday bo`lishardi. Umrimizning 3 oyi behuda, ochlik va qiyinchilikda o`tgan. Ba`zida bu erda bunday xor bo`lib yashagandan ko`ra, urushga borib, jangda halok bo`lsam yaxshiroq edi, deb o`ylab qolardim... Xullas, 3 oylik tayyorgarlikdan so`ng bizni Toshkentdan urushga poezdda olib ketadigan bo`lishdi. Vokzalning o`zida bizga qora non va “suxoy poyok” qilib berishdi. Xursand bo`lib ketdik. Chunki bu Samarqandda eganlarimizdan ko`ra ancha yaxshi edi. Shundan so`ng poezdga chiqdik. 29 kun deganda Odessiyaga etib borganmiz. Janlarda qatnashdik, urush maydonining ichida bo`ldik. Qancha qadrdonlarimiz ko`z oldimizda vafot etishdi. Mana shu joylardan omon qaytganimga, hozirgi tinchlik, to`qchilik kunlarni ko`rganimga Allohga behisob shukr deyman. Bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan urush qatnashchilariga juda ko`p imtiyozlar, har oylik oziq-ovqat mahsulotlari, yilda bir martalik pul mablag`lari ajratilib turibdi. Bu dorilomon kunlarga etganimga faqat va faqat shukr deyman..."

                                    “Urush kunlarining har bir daqiqasi esimda...”

Asqar ota JO`RAEV, urush qatnashchisi:

"Urush boshlandi degan xabar kelgach, birinchilardan bo`lib 1941 yilda jang maydoniga kirib borganlardanman. Bizni avval Qozog`istonga olib borishdi. U erda bir qancha muddat turganimizdan so`ng poezdga o`tqizib, Latviyaga olib ketishgan. Bir oy deganda o`sha davlatga etib borganmiz. Eyish-ichish, qurol-aslaha degan narsalar juda muammo bo`lar, tepamizda turganlar yoningdagi o`lgan sherigingning qurolini olib, ishlatasizlar, derdi. Urushdan oyoq-qo`li bus-butun qaytgan insonman. Buning uchun Allohga shukr deyman. Lekin u erdagi azoblar, o`rmonlarda och-nahor va sovuqlarda qolib ketgan kunlarimiz baribir sog`ligimga o`z ta`sirini ko`rsatmay qolmadi. Shunisiga ham behisob shukr deyman. Rostini aytsam, urushda o`tgan kunlarimning har bir daqiqasi hali-hanuzgacha shundoqqina ko`z oldimda turibdi. Biroq u kunlar haqida ko`p eslashni va gapirishni xohlamayman. Muhimi, bugun biz tinchlik zamonda yashayapmiz. Urush dahshatlarini, jang maydonlarini biz ko`rdik, bizdan keyingi avlod ko`rmasin ham, bilmasin ham. Yurtimizning tinchligiga ko`z tegmasin, ilohim..."

Mohinur RUSTAMOVA suhbatlashdi

    Boshqa yangiliklar