AsosiyJamiyat

Mahmud Namozov: “To`rt farzandimiz bilan ijarada yashagan paytlarimiz bo`lgan...”

'Mahmud Namozov: “To`rt farzandimiz bilan ijarada yashagan paytlarimiz bo`lgan...”'ning rasmi

O`zbekiston va Qoraqalpog`iston xalq artisti Mahmud NAMOZOVning ovozi shirali va o`ziga xos. U tog`larning farzandi. Bolalik vujudiga alla qo`shig`i chanqovuz sadolarida singgan san`atkor surxoncha qo`shiqlari bilan muxlislari qalbiga kirib borgan. 8 may sanasida nishonlaydigan tavallud kuni munosabati bilan el suygan ijodkorni uchrashuvga chorladik. 

— Mahmudjon, muxlislar qo`shiqlaringizdagi o`ziga xoslikni yaxshi ko`rishadi. Sizda yana bir o`ziga xoslik, ya`ni xonandalarda juda kam uchraydigan holat,  kitob yozish ehtiyoji qanday paydo bo`ldi?

" Muxlislar, ayniqsa, yoshlarning nazarida san`atkorga unvon-u, e`tiroflar oson kelganday tuyuladi. San`atkorning hayoti faqat bayramlardan iboratday ko`rinadi. Hayotimni san`atga, qo`shiqqa bag`ishladim. Bu yo`lga meni kimlar, qanday orzular boshlagani, bugungi darajaga etguncha qancha qiyinchiliklarni bosib o`tishga to`g`ri kelganini yolg`iz o`zim bilaman. Ba`zilar aytganday, “bir yumalab artist bo`lib qolganim yo`q”. Bugungi kunda shu yo`lni tanlashni niyat qilgan va mening ijodimni hurmat qiladigan insonlar hambuni bilishlari kerak, degan maqsad bilan kitob yozdim. Bunda bolalikdan vujudimga singgan kitobga bo`lgan katta muhabbatning ham hissasi bor, albatta. 

— Demak, oilangizda kitobxonlik muhiti bo`lgan... 

— Bolalikdan juda ko`p dostonlar, ertaklarni o`qib katta bo`lganimni eslayman. Onam xalq matallarini yaxshi biladigan ayol edi. O`ylab qarasam, xonadonimizda farzandlarga kitobga, adabiyotga bo`lgan katta mehr singdirilgan ekan. Ukam Musurmon Nomozov maktabimizning kutubxonasidan tashqari qishlog`imizdagi kattagina kutubxonadagi kitoblarniyam bittasini qo`ymay o`qib chiqqan. O`qish texnikasi kuchli edi, juda tez o`qirdi. Onam rahmatli “Bunaqa ko`p kitob o`qishda kallang ketib qoladi, seni...” deb quvib yurardi. Onamdan qochib yo chekkadagi uyga berkinib, yoki sut -qatiq turadigan savatlarning tagiga kirvolib bo`lsayam o`qishdan to`xtamasdi. Buyam mayli, uch oylik yozgi ta`tilda keyingi sinf uchun olgan darsliklarining hammasini oldindan o`qib qo`yardi. Ketma-ket maktabni bitirdik, men musiqa fakultetida o`qidim, ukam filologiya fakultetiga kirdi. “Shuncha kitob o`qigansan, kursdoshlaringni ichida eng zo`ri bo`lsang kerak, derdim. U: “Yo`q, mendan ham zo`rlar bor”, derdi. Keyin bilsam, o`sha zo`rlar, to`g`ri kelgan kitobni emas, ustozlardan so`rab, kerakli kitobni bilib o`qishgan ekan". 

— Bolaligingizni sog`inasizmi?

"Albatta sog`inaman.  Bolalikni, uning o`yinqaroq, shirin damlarini sog`inmaydigan inson bo`lmasa kerak. Bolaligim qishloqda o`tdi. Bir tomoni sho`x-shodon oqadigan Surxondaryo, bir chekkasi Bobotog` bo`lib, men tug`ilgan qishloq ularning o`rtasiga joylashgandi. Toqqa chiqqanmiz, yoz paytlari daryoda cho`milganmiz, qo`ylar boqqanmiz. Oilada to`rt o`g`il, to`rt qiz edik. Ota-onam san`atga qiziqishimni ko`rib, imkoniyat yaratib berishgan. Bitta armonim bor, onam bugungi muvaffaqiyatlarimni ko`rmadilar. 1988 yilda olamdan o`tib ketganlar. Uzoq yillar ona haqida qo`shiq aytishni xohlasam-da, aytolmaganman. Oradan o`n olti yil o`tibgina birinchi marta ona haqida ashula aytdim. Bir og`aynimning ayoli o`sha konsertga tushgan ekan. “Konsertdagi hamma qo`shiq bir bo`ldi, bu qo`shiq bir bo`ldi...”degan gapini eshitib ko`nglim taskin topgan. Demak, qo`shiqqa yuragimdagi butun dard, alam sog`inchimni sola oldim, deb o`yladim". 

— Bolalikda ham shunaqa og`ir-bosiq, mulohazali bo`lganmisiz? Yoki hamma sho`xliklar bolalikda qolib ketdimi?

"Tan olishim kerak, hamma qatori to`polonchi bo`lganman. Matematika domlamizning bir odati  bor edi, bittagina bo`lsayam o`quvchi sinfga undan keyin kirsa, dars o`tmasdi. Hozir eslasam uyalib ketaman, uch-to`rtta bola ataylab darsga domladan keyin kirardik. Shundan keyin matematika darsi tarbiyaviy soatga aylanib ketardi. Bahonada dars tayyorlamay kelganlarimiz,  “ikki” bahodan qutulib qolardik. O`sha paytlar, matematika hech qanday foydasi yo`q fanday ko`rinardi bizga. Unday emas ekan, buni endi tushunib etayapman. Hozir atrofimdagilar hisob-kitobni kallada bajarishimga havas qilishadi".

— Toshkentga ilk bora qadam qo`ygan kundagi taassurotlaringiz yodingizdami?

" 1977 yilda Toshkentga birinchi marta kelib, Ishchilar shaharchasi, degan mahallaga joylashgan kunlarim kechagiday esimda. O`n etti yoshli o`spirin yigitman. Qalbimni hayajon bosgan. Oddiygina uylar ham ko`zimga juda chiroyli, mahobatli bo`lib ko`ringan. Uylar oldiga qator ekilgan olcha daraxtlaridagi shoda-shoda mevalar haligacha ko`z oldimda turadi. Toshkentga kelishdan maqsadim Konservatoriyaga kirish edi, biz  kelganda Konservatoriyadagi ham, San`at institutidagi imtihonlar ham allaqachon o`tib ketgan ekan. Majbur Pedagogika institutining musiqa va ashula fakultetiga hujjat topshirganman. Kim rubob, g`ijjak bo`yicha o`qiyman desa, men Surxondaryoda changchi yo`q, degan o`y bilan shu asbobni chalishni o`rganishga qaror qilganman. Lekin buning qanchalik qiyinligini bilmagan ekanman. Uni chalish asrorlarini o`rgangunimcha to`rt yil o`tib ketdi. Afsus institutni yaxshi bir changchi bo`lib bitirolmadim. Lekin qishlog`imga qaytib 12 yil ashula o`qituvchisi bo`lib ishladim. Qishlog`imga muhabbatim cheksiz. Toshkent esa orzu-niyatlarim, rejalarimning ro`yobini berdi. Unga minnatdorchilik o`rnida aytilgan “Toshkanim” degan qo`shig`im bor, muxlislar yaxshi bilishadi, ko`p so`rashadi. O`zim ham uni yaxshi ko`rib ijro etaman".

— San`atga qanday kirib keldingiz?

"O`n ikki yilda men Surxondaryoga sig`may qoldim. Yana Toshkentga qaytdim. To`rt farzandimiz bilan ijarada yashadik. Qiynaldim,  “Ashulachilik mening yo`lim emas ekan...” degan xayollar bilan yurgan paytim Faxriddin Nizomov degan inson meni Radioga ishga taklif qildi. Radio va shu inson sabab men san`atda o`z yo`limni topib oldim". 

— Folkor juda ildizi chuqur san`at ekanligini bundan ko`p yillar muqaddam “Baxshiyona” qo`shig`ingiz bilan isbotlagan edingiz. Ayni damda folklorga bo`lgan e`tibor susayganday tuyulmayaptimi sizga?

"Ziyoli insonlar bor ekan, folklorga bo`lgan qiziqish hech qachon so`nmaydi. Baxshilarning xalqaro tanlovlari o`tkazilayotgani ham folklorga bo`lgan e`tibor va munosabatning natijasi. Yoshlar orasida folklorni tushunmaydigan va tinglamaydiganlari bor. Buning yagona yo`li folklor yo`nalishidagi asarlarni yangi sintezlar bilan muxlislarga etkazish, tinglovchilarga taqdim etish. O`ylashimcha, shu narsa folklorga bo`lgan munosabat o`zgarishiga sabab bo`ladi".

— Bu yo`nalishdagi ijodingiz tan olinishi ham oson kechmaganligi haqida ham to`xtalsangiz...

"Shu o`rinda bir voqeani aytib bermoqchiman. Adashmasam, 1996 yillar, ayni qiynalib yurgan paytlarim, qo`shiqlar yaratayapmiz, aytayapmiz, lekin reklamamiz yo`q. Bizni hali hech kim tanimaydigan paytdayam muxlisimiz bor ekan, to`yiga taklif qildi. Bordim, lekin to`y egasiga yoqadi, degani to`yxonada o`tirgan uch yuz, to`rt yuz odamgayam ma`qul, degani emas. Ashula aytayapman, bir odam ro`paramga kelib: “Janon bo`lamanni ayt”, deb 100 dollar berayapti. Men qo`lini chekkaga surib, ashulamni aytishda davom etaverdim. O`sha odam yana 100 dollarini ko`rsatib: “Janon bo`lamanni ayt deyapman”, deb turib olgan. Men ham qaysarlik bilan: “Xoxlasang eshit, xoxlamasang o`zing bilasan”, deganday ashulamni aytishda davom etaverdim. O`sha payt Doniyor Toshmuhamedov: “O`zingni ashulang o`zingniki, to`yda turkcha ayt, boshqa san`atkorlarning qo`shig`ini ayt, sendan nima ketdi...”deganidayam. “Yo`q, men o`zimning qo`shig`imni aytaman”, deganman. Mana oradan yillar o`tib to`ylarga o`zimizning qo`shig`imiz uchun pul berib chaqiradigan bo`lishdi".

— Bugungi kunda o`zingizga qanday talablar qo`yyapsiz? Muxlislar hukmiga kam qo`shiq taqdim etayotgandeksiz, “Ko`za afsonasi” singari xit tarona yaratilmadi... 

" “Ko`za afsonasi” boshqa qo`shiqlarimga o`xshash tarona, u katta san`at asari emas. O`ziga xos omadli qo`shiq bo`ldi, bunga sabablardan biri unga chiroyli klip ishlangani, deb bilaman. O`z vaqtida oynai jahonda juda ko`p marta “aylantirilgan”. Shuning uchun ham tinglovchining mehri tushgandir. Har yili bitta albom yozishga harakat qilayapman va unda ko`plab yangi qo`shiqlar yaratilayapti. Ijodim sust ketayapti, deya olmayman, faqat qo`shiqlarimning “proma”siga jiddiy e`tibor qaratmayapman, shekilli. Izlanishdaman, ijoddaman, muxlislar ko`nglidan joy oladigan qo`shiqlar aytish niyati bilan yashayapman".

                                                                                                         Tuhfa NAZAROVA suhbatlashdi 
                                                                                   ("Darakchi" gazetasi 2022 yil 5 may, 18-son)

    Boshqa yangiliklar