13-15 may kunlari Toshkent shahridagi “Moviy gumbazlar” bog`ida “Birinchi choy va kofe festivali” bo`lib o`tadi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tadbir Turizm va madaniy meros vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, O`zbekiston Barista assosiasiyasi va “Makon” telekanali hamkorligida tashkil etilmoqda.
Festival mamlakatimizda kofe va choy sanoatini rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratish, shuningdek, choy ichish milliy an`analarini qayta tiklashga ko`maklashish maqsadida tashkil etilmoqda.
Festival mehmonlari o`ziga xos ichimliklar va noyob choy va kofe turlarini tatib ko`rishlari, professionallar esa sohadagi eng so`nggi yangiliklarni o`rganishlari, yangi hamkorlar va etkazib beruvchilarni topishlari, hattoki franchayzing sotib olish imkoniyatiga ega bo`ladilar.
Festival doirasida barista bo`yicha Uzbek Coffee Cup chempionati, sut ko`pikli rasm chizish san`ati bo`yicha tanlov, barmenlar o`rtasida miksologiya chempionati bo`lib o`tadi. Shuningdek, turli maxorat darslari, seminarlar va boshqa tadbirlarda ishtirok etish, kofe va choylardan tatib ko`rish ham mumkin bo`ladi. Festival dasturi doirasidagi tadbirlar professionallar uchun ham yangi mutaxassislar uchun ham qiziqarli bo`ladi. O`zini barista sifatida sinab ko`rish, latte-art ko`nikmalarini egallashi va professional chashka degustasiyasida qahva ta`mining nozik soyalarini farqlashni o`rganishni xohlovchilar uchun ham qulayliklar yaratilgan.
Festivalda lotereyalar va turli xildagi ko`ngilochar o`yinlar, hunarmandlar yarmarkalari, food-kortlar va o`yin maydonchalari tashkillashtirish rejalashtirilgan - barchasi qiziqarli va maroqli oilaviy dam olish uchundir. DJ va stend-up komediyalari chiqishlari ham bo`lib o`tadi.Coffee&Tea LAB zonasida professional baristalar, choy ustalari va ishbilarmonlarning seminarlari va ma`ruzalari, shuningdek, yangi, ammo allaqachon mashhur bo`lgan barista kasbining istiqbollariga bag`ishlangan davra suhbatlarini o`tkazish rejalashtirilgan.
Festival katta gala-shou bilan yakunlanadi. Tadbirga kirish bepul.






