Avvalroq, Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari davlat xizmatchilari uchun “Davlat boshqaruvini modernizasiya qilish va qonun ustuvorligi tamoyillarini hurmat qilish” mavzusida xalqaro konferensiya boshlangani haqida yozgan edik. Kecha, 13 may kuni konferensiya o`z yakuniga etdi. Bu haqda Darakchi. uz muxbiri xabar berdi.
Konferensiya Evropa Ittifoqi va Evropa Kengashining “2020—2023 yillarga mo`ljallangan Markaziy Osiyoda qonun ustuvorligi” dasturida nazarda tutilgan bo`lib, uning doirasida Adliya vazirligi boshqa hamkorlar bilan birgalikda O`zbekistonda qonun ustuvorligini mustahkamlashda faol ishtirok etmoqda.
Tadbirning asosiy maqsadi — davlat boshqaruvini modernizasiya qilish va qonun ustuvorligi tamoyillariga rioya qilish masalalarini muhokama qilish hamda ilg`or tajribalar bilan almashish uchun etuk xalqaro va milliy ekspertlarni birlashtiradigan ochiq muloqot maydonini tashkil etishdir.
Konferensiyada milliy ishtirokchilar bilan bir qatorda Evropa davlatlaridan, xususan Germaniya, Fransiya, Portugaliyadan tashrif buyurgan ekspertlar va mutaxassislar, shuningdek, Qirg`iziston, Qozog`iston va Tojikistondan tashrif buyurgan adliya, davlat xizmatlarini ko`rsatish, davlat xizmatini rivojlantirish va boshqa davlat idoralari rahbarlari va mutaxassislari ishtirok etdi.
Kechagi sessiyalarda mahalliy va xorijiy ishtirokchilar inson resurslarini boshqarishni takomillashtirish orqali ma`muriy islohotlar barqarorligini ta`minlash masalalariga to`htab o`tdi. Xususan, davlat xizmatchilarini professional rivojlantirish va ularning ma`muriy islohotlar strategiyasidagi roli masalalari ko`rib chiqildi. Ishtirokchilar inson resurslarini boshqarishning mavjud usullari va davlat xizmatchilarining malakasini oshirish hamda ularni tayyorlash va qayta tayyorlash jarayonida yagona qoidalarni belgilash bo`yicha ilg`or tajribalarni muhokama qildilar.
Shuningdek, ekspertlar tomonidan davlat xizmatchilarining faoliyati samaradorligini baholash uchun strategik boshqaruv yondashuvlari va metodologiyalari ko`rib chiqildi. Ishtirokchilar davlat xizmatchilari faoliyatining samaradorligini oshirish shartlari va omillarini muhokama qilib, samaradorlikning asosiy ko`rsatkichlari doirasida samaradorlikni boshqarish sohasidagi modellar va eng yaxshi xalqaro tajribalarni o`rgandilar.
Konferensiya yakuni bo`yicha davlat boshqaruvi, davlat xizmatlarini ko`rsatish va davlat xizmatini rivojlantirish bo`yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.