Prezident raisligidagi yig`ilish davom etmoqda.
Birjaga o`z mahsulotlarini qo`ygan yirik korxonalar ochiq-oshkora savdolar hisobiga o`tgan yilning o`zida 8 trillion so`m qo`shimcha daromad qilgani ta`kidlandi. Ilgari turli sxemalar orqali korrupsiya bo`lib, daromadlar ayrim “o`rtakashlar” cho`ntagida qolar edi.
Misol uchun, bir yil avval benzinda davlat taqsimoti bekor qilinib, erkin birja savdosiga qo`yilgani hisobiga bugungi kunda eng chekka “zapravkalar”da ham sifatli benzin bor.
Yoki, o`tgan uch yilda birja maydonchasida avtoraqamlarni sotish hisobiga byudjetga 1 trillion so`m qo`shimcha tushum ta`minlandi.
Eng muhimi, bu sohalardagi defisit, korrupsiya, tanish-bilishchilik yo`q bo`ldi.
Shu bilan birga, birja savdolarini tashkil etish, mahalliy tadbirkorlarning ishtirokini kengaytirish borasida hali tizimli muammolar mavjud.
Misol uchun, birja savdolarining 85 foizini 45 turdagi yuqori likvidli mahsulotlar tashkil etmoqda.
So`nggi yillarda ishlab chiqarilishi keng yo`lga qo`yilgan tekstil, ipak, charm, kabel mahsulotlarining birja savdolaridagi ulushi past.
Jizzax, Navoiy, Samarqand va Xorazmda birja savdolari ancha faollashgan. Lekin Sirdaryo, Andijon va Surxondaryodagi korxonalarning birja savdolaridagi ishtiroki pastligicha qolmoqda.
Shu bilan birga, Zangiota 37 turdagi, Karmana 24 turdagi, Dang`ara va Jomboy 17 turdagi mahsulotlarni birjaga chiqargan bo`lsa, Andijon, Nurota, Qiziriq, Boyovut tumanlarida atigi 1 turdagi mahsulot birjaga qo`yilmoqda.
Shu munosabat bilan mutasaddilarga mahalliy mahsulotlarni birjaga olib chiqishni tuman darajasiga tushirish bo`yicha tizim yaratish vazifasi qo`yildi.
“Misol uchun, 1 iyuldan fermer va klasterlar 500 ming tonna g`allani birja orqali sotishi yo`lga qo`yilmoqda. Bu fermerlar uchun 2 trillion so`m qo`shimcha daromad degani.
Lekin, tuman hokimlarida fermer mahsulotini birjaga qanday olib chiqishi, bu borada kimga murojaat qilishi, ya`ni ishni qanday tashkil etishi bo`yicha aniq rejalar bormi? Bu savolga birorta hokimda ijobiy javob yo`q”, dedi Prezident.
Mahalliy mahsulotlarni birjada ko`paytirish bo`yicha yangi tizim O`rtachirchiq tumani misolida tushuntirildi.
Yangi tizim bo`yicha:
- tuman hokimi g`alla etishtiruvchi fermer va klasterlar kesimida bug`doyni birjaga olib chiqish oyma-oy rejasini ishlab chiqadi;
- tuman hokimi va Savdo-sanoat palatasining tuman bo`limi ushbu fermer va klasterlarni birjada ro`yxatdan o`tkazishni tashkillashtiradi;
- tadbirkorga qulay bo`lishi uchun Savdo-sanoat palatasi tuman bo`limida birja savdo maydonchasi tashkil etiladi;
- ushbu savdo maydonchasida tadbirkor, fermer va klasterlarga birja hujjatlarini rasmiylashtirishga ko`maklashiladi;
- ular shu joyning o`zida birja savdolarida ishtirok etishga o`qitiladi;
- fermerlarga bug`doyni birjaga qo`yganda garov talab etilmaydi.
Birja savdosi bo`yicha tadbirkor va fermerlar uchun sodda va lo`nda metodika ishlab chiqiladi.
Sotilgan mahsulotga birja tomonidan bir kunda to`lov amalga oshiriladi. Bunda fermerga to`lovlarni o`z vaqtida va to`liq kelib tushishini birja kafolatlaydi.
“Bu yangi tizim fermer va klasterlarga maktab, hokimlarga esa sinov bo`ladi”, dedi Prezident.






