O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 17 may kuni Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqaev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlatimiz rahbari Qozog`iston Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog`lik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, birodar Qozog`istonga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
O`zbekiston-Qozog`iston do`stlik, yaxshi qo`shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Joriy yil boshidan o`zaro savdo ko`rsatkichlari barqaror oshib bormoqda. Yaqinda mamlakatlarimiz o`rtasida temir yo`lda yo`lovchi tashish qayta tiklandi.
Kuni kecha O`zbekiston va Qozog`iston hukumat delegasiyalari o`tkazgan muzokaralarning amaliy natijalari yuqori baholandi. Qo`shma kooperasiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishni jadallashtirish muhim ekani ta`kidlandi.
Ikki mamlakat etakchilari xalqaro kun tartibi va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.






