Davlatimiz rahbari topshirig`i asosida tuzilgan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi mas`ul xodimlari boshchiligidagi ishchi guruhning Andijon shahri, Asaka va Buloqboshi tumanlaridagi ommaviy qabullari amaliy ishlarga boy bo`ldi. Muloqotlar davomida 20 dan ziyod vazirlik va idoralar rahbarlari murojaatchilar bilan yuzma-yuz o`tirib, har bir masalani hududiy mas`ullar bilan birga muhokama qildi. Muammolarni hal qilish uchun bor kuch-imkoniyat ishga solindi.
Misol uchun, Asaka tumani “Fayz” mahallasiga aholi ko`chib chiqqaniga salkam 70 yil bo`lyapti. Ammo shuncha paytdan beri ular ichimlik suvini qo`shni mahalladan tashib ichishgan. Qabulda Prezident Xalq qabulxonasi vakillariga yo`llangan murojaat bois bugun “Fayz” mahallasiga fayz kirmoqda: 2,7 kilometr suv tarmog`i tortilishi bilan mahallaning 70 yillik muammosi hal qilinmoqda.
Buloqboshi tumanidan kelgan Odinaxon Solieva yangi suv qudug`i qazib berish yuzasidan murojaat qildi. Ushbu xayrli tashabbus natijasida tumandagi “Zarg`aldoq” MFY Novvoq ko`chasida istiqomat qiluvchi 165 ta xonadon yashnab ketdi. 25 yildan beri qo`shni mahalladan ichimlik suvi tashib keladigan aholining mushkuli aridi.
Xuddi shunday murojaat asosida Andijon tumanining “Besh bo`ynoq” mahallasida ham 3 kilometr ichimlik suvi tarmog`i tortilmoqda. Bu bilan “Besh bo`ynoq”dagi 210 ta xonadonga obihayot kirib boradi.
Oltinko`l tumani “Akramobod”, “O`rtaqaychi” mahallalari aholisi esa tomorqalaridan ko`ngildagidek hosil olisholmayotgan edi. Sababi sizot suvlari sathi ko`tarilgan, sho`rlanish darajasi oshgan edi. Murojaatlar asosida 1,5 kilometr zovur tozalanishi bilan erosti suvlari sathi 2 metrgacha pasayadi.
Xuddi shunday muammo Oltinko`lning boshqa hududlari aholisini ham tomorqasidan samarali foydalanishiga xalal berib kelayotgan edi. Aholi murojaatlaridan so`ng bu tizimli muammo tahlil qilinib, tumandagi 97 kilometr ariq-zovurlar qazilib, 1 ming 700 gektar ekin maydonining meliorativ holatini yaxshilash ishlari boshlab yuborildi.
Saidakbar Zokirov esa Andijon shahrida mavsumiy ish bilan shug`ullanishini aytib, 5 nafar farzandni voyaga etkazish-u ro`zg`orini butlash uchun katta magistral yoqasidagi bekatda savdo do`koni tashkil etishda yordam so`radi. Mas`ullar bu masalada Saidakbar akaga amaliy ko`mak ko`rsatadigan bo`ldi. Shu bilan birga, bu inson Avtomobil yo`llari qo`mitasining viloyat boshqarmasi tizimiga ishchilikka qabul qilindi.
Shu singari murojaatlardan so`ng subsidiya asosida bo`stonlik 34 yoshli Mavsuma Ro`zimatova kabi bir qator xotin-qizlarga zamonaviy tikuv mashinalari topshirilgan bo`lsa, Bo`stonlik Ominaxon Jalolova va ulug`norlik Shahnozaxon Do`stmatova xonadonlariga ixcham issiqxonalar qurib berildi.
Fuqarolar huquqlarini himoya qilish asnosida ham qator murojaatchilar bandligi ta`minlandi. Aytaylik, Oltinko`l tumanidagi maktabgacha ta`lim tizimida ishlagan Matluba Qo`chqorboeva bola parvarishi ta`tilidan so`ng ish joyiga tiklanmay sarson yurgan ekan. Garchi bu orada maktabgacha ta`lim tizimi bo`yicha kasb-hunar kollejini ham bitirgan bo`lsa-da, shunda ham bolalar bog`chasiga ishga olinmagan ekan. Bosh prokuratura mas`ullariga murojaatidan so`ng bu ayol Oltinko`l tumanidagi 21-davlat maktabgacha ta`lim tashkilotida ish boshlaydigan bo`ldi. Xuddi shunday murojaat asosida Buxajal Hamdamova Oltinko`l tumanidagi 5-maktabgacha ta`lim tashkilotiga ishga qabul qilindi. Shahrixonlik Muhabbatxon Hoshimova esa tuman bandlikka ko`maklashish markazi inspektori vazifasida ish boshladi.
Ichki ishlar vazirligi mas`ullari tizimga ishga kirish istagidagi 5 nafar nomzod bilan shu erda muloqot qilgach, ular mazkur sohada ish boshladi. Yana bir nomzodga esa bo`lib o`tadigan tanlovlarda ishtirok etish uchun ruxsat berildi. Misol uchun Durbek Jo`raev jamoatchilik asosida Andijon shahar “Jumabozor” mahalla fuqarolar yig`inida profilaktika inspektori yordamchisi sifatida ishlab kelayotgandi. Endi u Andijon shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimi bo`ldi.
Bo`stonlik Mohlaroy Akromova Andijon davlat tibbiyot instituti farmakalogiya yo`nalishining 3-bosqichida tahsil oladi. Oilaviy sharoiti esa unga to`lov shartnoma pullarini to`lashga monelik qilmoqda. Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi mas`ullaridan shu masalada amaliy yordam so`ragach, talaba qizning kontrakt summasi institut tomonidan amalga oshirib beriladigan bo`ldi. Andijon davlat universitetining talabalari bo`lgan Feruza Rahmonova hamda Saidamirxon No`monxo`jaevlarga ham institut tomonidan shartnoma pullari to`lab berildi. Buloqboshida o`tkazilgan qabulda 4 nafar talabaga ana shunday to`lovlar amalga oshirildi.
Bo`stonlik Ra`noxon Abdurahimova va izboskanlik Omadxon Sodiqova Kadastr agentligi mas`ullaridan uy-joylarini kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishda amaliy yordam so`rashdi. Ikki murojaat asosida ularning hovlilari belgilangan tartibda rasmiylashtirib berildi.
Andijonlik Muqaddas Ro`zieva onasining onkologik xastaligini davolashda amaliy yordam so`ragach, ijtimoiy himoyaga muhtoj bu ayolga bepul jarrohlik amaliyotini o`tash va davolanish uchun order ajratildi.
Sud-huquq tizimiga oid qator masalalar ham shu erda hal qilindi. Murojaatlar asosida jinoyat ishlari bo`yicha tuman-shahar sudlari tashkil qilgan sayyor sud majlislarida 14 nafar shaxs jazoni o`tashdan muddatidan oldin shartli ozod qilindi.
Andijon shahridan Ravshanbek Mirzaqosimov to`rt yil avval hovlisini bir tanishiga 40 ming AQSh dollariga sotmoqchi bo`ladi, unga ishonib, pulning bir qismini oladi-yu hovlini tanishga xatlab beradi. Biroq tanish degani hovlini olvolgach, notanishga aylanadi. Aldagani kamdek pulni qaytarmaslik uchun unga taziyq ham o`tkazadi. Ichki ishlar vazirligi mas`ullariga murojaatdan so`ng dastlab Ravshanbekka himoya orderi berildi. Shu kunning o`zida qarzdordan mablag`i ham undirib berildi.
Davlatimiz rahbari topshirig`i asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining ommaviy qabullarida 1533 ta masala ko`rib chiqilib, ularning 694 tasi joyida hal qilindi. 170 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan bo`lsa, 566 ta murojaatni hal qilish bo`yicha aniq muddat va mas`ullar belgilanib, nazoratga olindi.






