AsosiyJamiyat

DXX yirik narkokur`erlar faoliyatiga chek qo`ydi

'DXX yirik narkokur`erlar faoliyatiga chek qo`ydi'ning rasmi

Qoraqalpog`iston Respublikasi, Toshkent shahri va Farg`ona viloyatlarida giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi tezkor tadbirlar o`tkazildi. Bu haqda "darakchi.uz"ga DXX matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Davlat xavfsizlik xizmatining Qoraqalpog`iston Respublikasi bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda To`rtko`l tumanida yashovchi, 1988 y.t. shaxs Samarqand shahridan Nukus shahriga 2 kg 10 gr. “geroin” moddasini olib kelib, xaridorga 90 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtida qo`lga olindi. Ma`lum bo`lishicha, mazkur giyohvandlik vositasi tojikistonlik narkokur`er tomonidan mamlakatimiz hududiga o`tkazilgan. 

Bu yo`nalishda DXX Toshkent shahar bo`yicha boshqarmasi xodimlari ham bojxona va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbirlar o`tkazishdi.

Jumladan, Uchtepa tumanida yashovchi, 1964 y.t. muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog`liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan shaxsning yashash xonadoni belgilangan tartibda ko`zdan kechirilganda, uyning shift qismiga yashirib qo`yilgan 1 kg 924 gr. “opiy” moddasi borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Ta`kidlash lozimki, ushbu ajal og`usi uchinchi shaxslar tomonidan Tojikiston Respublikasidan keltirilgan. Shuningdek, xonadonda tegishli hujjatlari bo`lmagan 1 dona pnevmatik pistolet ham borligi ma`lum bo`ldi. 

Uchtepa tumanida kuzatilgan boshqa bir holatda Tojikistondan aylanma yo`llar bilan o`tkazilgan narkotik moddalarni Toshkent shahriga olib kelib sotish bilan shug`ullangan, Surxondaryo viloyatida tug`ilgan 3 nafar shaxsning noqonuniy faoliyatiga chek qo`yilib, ulardan 943 gr. “gashish” moddasi prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Bundan tashqari, Qirg`iziston Respublikasidan noqonuniy yo`llar bilan mamlakatimiz hududiga o`tkazilgan narkotik moddalar va kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalari ham aniqlandi.

Jumladan, Farg`ona viloyatining Farg`ona tumanida yashovchi, 1976 va 1997 yillarda tug`ilgan ikki fuqaro kelayotgan “Lasetti” rusumli avtotransport vositasi poytaxtimizga kiraverishdagi “ShARQ” YPX maskanida to`xtatilib, ko`zdan kechirilganda, avtomashina salonida 939 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlandi hamda tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi. 

DXX xodimlari tomonidan Bojxona qo`mitasining Toshkent shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent shahrida yashovchi, 1977 va 1995 yillarda tug`ilgan 2 fuqaro Chilonzor tumanida xaridorga 560 dona “Regapen” hamda 100 dona “Tropikamid” kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalarini 26 mln. so`mga sotayotgan vaqtlarida qo`lga olindi.

Shuningdek, ularning sherigi, 2002 y.t. shaxs ham ushlanib, uning vaqtincha yashash xonadonidan 1540 dona “Regapen”, 630 dona “Tropikamid” hamda 30 dona “Selofen” kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalari o`rnatilgan tartibda olib qo`yildi. 

DXX Farg`ona viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari ham bojxona va ichki ishlar organlari bilan birgalikda tezkor tadbirlar o`tkazishdi.

Jumladan, “Farg`ona-Namangan” yo`nalishida harakatlanayotgan, 1990 y.t. shaxs boshqaruvidagi avtomashina Yozyovon tumani hududida to`xtatilib, ko`zdan kechirildi. Natijada, uning salon qismida mamlakatimizda muomalasi cheklangan narkotik moddalar turkumiga kiruvchi 1920 dona “Tramadol” dori vositasi, shuningdek, dorixonalarda shifokor resepti asosida sotilishi lozim bo`lgan 4704 dona “Regapen” va 150 dona “Tropikamid” kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi.

Yana bir holatda “Quvasoy-Toshkent” yo`nalishida harakatlanayotgan avtomashina “Namangan” YPX maskanida to`xtatilib ko`zdan kechirilganda, unda Quvasoy shahrida yashovchi, 1997 y.t. shaxsga tegishli 840 dona “Regapen” va 240 dona “Tropikamid” kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalari borligi ma`lum bo`ldi hamda prosessual tartibda olib qo`yildi. 

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar