AsosiyJamiyat

Ochiqlikka oid xato va kamchiliklarni barataraf etish bo`yicha 8 ta mahalliy hokimlik ogohlantirildi — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

'Ochiqlikka oid xato va kamchiliklarni barataraf etish bo`yicha 8 ta mahalliy hokimlik ogohlantirildi — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi'ning rasmi

Byudjet mablag`larining maqsadli ishlatilishi hamda ushbu jarayonning barcha bosqichlari ochiq va shaffof bo`lishida korrupsiyaning oldini olish muhim.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyundagi PF-6247-son Farmonida ayni jihatga alohida urg`u berilib, mahalliy byudjetlarning har chorak yakunida shakllantiriladigan daromadlar va xarajatlar smetasi, rejadan orttirib bajarilgan qismi va mazkur mablag`lar yo`naltirilgan maqsadlar to`g`risidagi ma`lumotlar jamoatchilikka ochiq e`lon qilib borilishi majburiy etib belgilangan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Farmonning ushbu talabi ijrosi, ayniqsa, mahalliy hokimliklar tomonidan o`z vaqtida ta`minlanishi doimiy monitoring qilib borilmoqda. Bu haqda agentlik Darakchi.uz'ga ma`lum qilmoqda.

Jumladan, 2022 yil 1-choragi yakunlariga ko`ra, mahalliy byudjet daromadlar rejasining rejadan orttirib bajarilgan qismi va mazkur mablag`lar yo`naltirilgan maqsadlar to`g`risidagi ma`lumotlarning ochiqlanishi holati o`rganilgan.  

Natijada Jizzax, Surxondaryo, Sirdaryo, Farg`ona va Toshkent viloyati hokimliklarining rasmiy veb-saytlarida yuqorida qayd etilgan ushbu ma`lumotlar o`z vaqtida e`lon qilib borilayotgani, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Namangan, Xorazm viloyati hokimliklari tomonidan esa qisman ochiqlangani aniqlangan.

Andijon viloyat hokimligi rasmiy veb-saytida esa bunday ma`lumotlar so`nggi bor 2021 yil 1-choragi holatiga joylashtirilgan, Toshkent shahar hokimligi tomonidan umuman ochiqlanmagan.

Farmon talablari to`liq ijro etilishi ta`minlangan Toshkent viloyati hokimligida 2022 yil boshida shakllangan erkin qoldiq mablag`lari hamda shu yilning 1-choragi davomida mahalliy byudjet daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi hisobidan ajratilgan mablag`lar jami 231,3 mlrd so`mni tashkil etgan. Ular viloyat hokimining farmoyishiga asosan quyidagicha taqsimlangani aytiladi:

-  Hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari uchun 82,3 mlrd so`m;

-  markazlashgan jamg`armalarga 31,9 mlrd so`m;

-  "Fuqarolar tashabbusi" (openbudget) 27,3 mlrd so`m;

-  obod qishloq va obod mahalla dasturi doirasida 16,9 mlrd so`m;

-  byudjet tashkilotlarining moddiy bazasini mustaxkamlash va ho`jalik xarajatlari uchun 16,0 mlrd so`m;

-  obodonlashtirish xarajatlariga 9,3 mlrd.so`m;

-  madaniy-sport tadbirlar, festivallar, umumxalq va milliy bayramlari uchun 5,4 mlrd so`m;

-  boshqa harajatlar uchun 11,8 mlrd so`m.

 Shuningdek, Jizzax viloyatida ham joriy yilning o`tgan  3 oyi davomida maxalliy byudjetda jami 91,0 mlrd so`m miqdorida erkin qoldiq mablag`lari shakllangan bo`lib, quyidagi maqsadlar uchun yo`naltirilgani ta`kidlanadi:  

-  Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari va ijtimoiy soha muassasalarini qurish, ta`mirlash va jihozlash ishlari uchun 11,5 mlrd so`m;

-  harbiy ma`muriy sektorga yuklatilgan vazifalar ijrosini ta`minlash uchun 8,5 mlrd so`m;

-  “Fuqarolar tashabbusi” jamg`armasiga 5,7 mlrd so`m;

-  “Yoshlar daftari” jamg`armasiga 2,8 mlrd so`m;

-  umumxalq bayramlari, sport va madaniy tadbirlar o`tkazish bilan bog`liq harajatlar uchun 2,4 mlrd so`m;

-  “Ayollar daftari” jamg`armasiga 1,9 mlrd so`m;

-  “Sahovat va ko`mak” jamg`armasiga 1,9 mlrd so`m;

-  “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari uchun 1,0 mlrd so`m.

Qolaversa, hisobot davrida viloyatda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining turmush farovonligini oshirish, ijtimoiy soha muassasalarining moddiy-texnik ta`minotini mustahkamlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini moddiy qo`llab-quvvatlash maqsadida qo`shimcha manba hisobidan 63,8 mlrd so`m yo`naltirilgani qayd etiladi.

"Agentlik tomonidan monitoring natijasida aniqlangan xato va kamchiliklarni barataraf etish hamda kelgusida ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga qat`iy rioya etilishini nazoratga olish bo`yicha 8 ta mahalliy hokimlikka ogohlantirish yuborildi",-deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar