Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida internet tarmog`i orqali aqidaparastlik g`oyalari singdirilgan materiallarni tarqatish bilan shug`ullangan shaxs faoliyatiga chek qo`yildi.
Xususan, Namangan shahrida yashovchi, 1999 y.t. fuqaro “J.A.” “Telegram” messenjeri orqali Rossiya Federasiyasida ishlaydigan “Shuhrat” ismli shaxs bilan tanishib, diniy mavzularda o`zaro yozishmalarni amalga oshiradi. Yangi tanishi esa unga xalqaro terroristik tashkilotlar va diniy ekstremistik oqimlarning g`oyaviy rahnamolari bo`lgan “Abu-Saloh”, “Abdulloh Zufar”, “Sodiq Samarqandiy” va boshqalarning audio, video ma`ruzalarini yubora boshlaydi.
Natijada “J.A.” “Telegram” messenjerida kanal ochib, uning a`zolariga aqidaparastlik g`oyalari bilan yo`g`rilgan elektron kitoblar, foto, audio, video materiallarni targ`ib qiladi. Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida “J.A.” huquq-tartibot idoralariga chaqirtirilib, uning mobil aloqa vositasi tekshirib ko`rish maqsadida olib qolinadi.
So`ngra “J.A.” eski telefoni orqali “Shuhrat” bilan bog`lanib, bo`lgan voqeani aytganida, “Shuhrat” huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari uni qo`lga olishi mumkinligini aytib, zudlik bilan Qozog`istonga chiqib ketishi kerakligini bildiradi. Shundan keyin “J.A.” Toshkent viloyatiga borib, “G`isht-ko`prik” xalqaro o`tkazish punktidan Qozog`iston Respublikasiga o`tishni reja qiladi. Ammo, xorijga chiqish pasporti yo`qligi bois, uning rejasi amalga oshmaydi.
So`ngra “Shuhrat” bilan qayta bog`lanib, undan Farg`ona viloyatining Quva tumaniga borish hamda u erdan aylanma yo`llar orqali Qirg`izistonga o`tib ketish topshirig`ini oladi. Shuningdek, “Shuhrat” ungaQirg`izistonga chiqish yo`llarini ham o`rgatadi. Natijada “J.A.” “o`zbek-qirg`iz” davlat chegarasini noqonuniy kesib o`tishga uringan vaqtida qo`lga olinadi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita xulosasiga ko`ra, “J.A.” tomonidan “Telegram” messenjeri orqali tarqatilgan materiallardagi ma`lumotlar aqidaparastlik g`oyalari bilan yo`g`rilgan bo`lib, ularni O`zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanadi.
Uning sodir etgan noqonuniy xatti-harakatlariga huquqiy baho berildi va jinoyat ishlari bo`yicha Namangan shahar sudi tomonidan “J.A.”ga nisbatan 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.






