AsosiyJamiyat

Haydovchilik guvohnomasini almashtirish muddati uzaytirilishi DXMlarga haydovchilar oqimini 10 barobardan ko`proq kamaytirdi – Adliya vazirligi

'Haydovchilik guvohnomasini almashtirish muddati uzaytirilishi DXMlarga haydovchilar oqimini 10 barobardan ko`proq kamaytirdi – Adliya vazirligi'ning rasmi

Joriy yilning fevral-mart oylarida davlat xizmatlari markazlarida eski haydovchilik guvohnomasini yangi turdagi guvohnomalarga o`zgartirish istagida bo`lgan fuqarolarning hayratlanarli oqimi kuzatildi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi darakchi.uzga.

Iloji boricha ko`proq fuqarolarga xizmat ko`rsatish maqsadida davlat xizmatlari markazlari uzaytirilgan ish vaqti asosida “so`ngi mijozga qadar” tartibida, ba`zilari esa umuman dam olish kunlarisiz ishladi.

Natijada yangi turdagi haydovchilik guvohnomasi joriy etilganidan (2017 yil oktyabr) bugungi kunga qadar 3,8 milliondan ortiq xususan, bir milliondan ortiq guvohnoma 2022 yilning mart-aprel oylarida yangilangan. 

Shu bilan birga, 2,2 milliondan ortiq haydovchi hali ham eski namunadagi haydovchilik guvohnomalar bilan harakatlanmoqda.

Shu bois, joriy yilning 12 aprel kuni Vazirlar Mahkamasining eski haydovchilik guvohnomalari va transport vositalari ro`yxatidan o`tkazilganligi to`g`risidagi guvohnomalarni almashtirish muddatini 2023 yilning aprel-dekabr oylarigacha uzaytirish to`g`risidagi qarori qabul qilindi.

Eslatib o`tamiz, dastlab haydovchilik guvohnomalari va transport vositalari ro`yxatidan o`tkazilganligi to`g`risidagi guvohnomalarni almashtirishni 2020 yil 31 dekabrgacha yakunlash rejalashtirilgan edi.

Jumladan, 2020 yilning bahorida muddat bir yilga, 2021 yilning noyabrida esa 2022 yilning oxirigacha uzaytirildi.

Davlat xizmatlari markazlari faoliyati monitoring qilinganda, haydovchilik guvohnomalarini almashtirish bo`yicha murojaatlar soni uzaytirishdan so`ng sezilarli darajada kamayganini ko`rsatdi. 

Misol uchun, guvohnomalarni almashtirish muddati mart oyigacha belgilanganida Chilonzor tumani davlat xizmatlari markaziga kuniga 500-700 nafar fuqaro murojaat qilgan.

Biroq, guvohnomalarni almashtirish muddati uzaytirilishi bilanoq, haydovchilar oqimini 10 barobardan ko`proq kamayishiga olib keldi. Bu, ayniqsa, Andijon tumani Davlat xizmatlari markazi misolida yaqqol ko`zga tashlanadi. Agar fevral oyida 2577 nafar fuqaro, mart oyida esa 2723 nafar fuqaro markazga murojaat qilgan bo`lsa, aprel oyida ularning soni 1103 nafarni, may oyining birinchi yarmida esa atigi 100 nafarni tashkil etgan.

Bugungi kunda, haydovchilik guvohnomalarini almashtirish jami 74 ta punktda, shundan, 25 tasi Davlat xizmatlari markazlarida, 49 tasi yo`l harakati xavfsizligi xizmatlarida faoliyat ko`rsatmoqda. 

Hisob-kitoblarga ko`ra, 2023 yilning apreliga qadar har kuni o`rtacha 120-150 kishi xizmatga murojaat qilgan taqdirda, qolgan eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini almashtirishni navbatlarsiz, qog`ozbozliksiz va xodimlar ishlash samaradorligini saqlab yakunlash mumkin bo`ladi.

Shu o`rinda Adliya vazirligi fuqarolarni haydovchilik guvohnomasini almashtirishni oxirgi bir oyga qoldirib, muddat tugashini kutmaslikka, yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanishga chaqirmoqda. 

Ma`lumot uchun: eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini yo`l harakati xavsizlik xizmati bo`limlari shuningdek, Toshkent shahri, Buxoro, Jizzax, Qo`qon, Navoiy, Namangan, Termiz, Farg`ona, Xiva va Chirchiq shaharlari, shuningdek, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari, Jizzax viloyatining Do`stlik tumani, Buxoro viloyatining Qorako`l tumani, Andijon viloyatining Andijon tumani va Farg`ona viloyatlarining So`x tumani davlat xizmatlari markazlarida yoki onlayn ariza berish orqali ham almashtirish imkoniyatlari yaratilgan.

Yodingizda bo`lsin, xizmatlarni eksterritoriallik prinsipi asosida ham olishingiz mumkin. Agar 25 ta davlat xizmatlari markazlaridan birida navbat bo`lsa, boshqasini tanlash imkoniyatingiz mavjud. 

 

 

    Boshqa yangiliklar