O`zgidrometning Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi ayrim kuzatuv stansiyalarida shamolning maksimal kuchi 25 m/s ga etdi.
Qizilqum cho`l hududlarida chang va qum bo`ronlari kuzatilmoqda. Ko`rinuvchanlik asta-sekin pasaymoqda. Qum va chang bo`ronlari massasi g`arbdan sharqqa tomon harakatlanmoqda. Yaqin orada yirik shaharlar Navoiy va Buxoro shaharlariga ham bu hodisa etib borishi mumkin.
Navoiy viloyati Zarafshon shahrida esgan kuchli shamol ko`p qavatli bino tom yopilmasi bir qismini avtomashinalar ustiga qulashiga olib keldi.
FVV Kuchli shamol vaqtida xavfsizlik choralari haqida tavsiyalar berdi:
- yashash joylarida eshik-derazalar, chordoq va havo aylanish tizimlarini mahkam berkitish;
- elektr va gaz vositalarini o`chirish;
- ko`chalarda daraxt va elektr ustunlari tagida turmaslik;
- ko`p qavatli binolar balkonlarida, deraza tokchalari hamda tashqaridagi buyumlarni imkon qadar xavfsiz joylarga olib qo`yish yoki mustahkamligini tekshirish;
- shamol kuchayganda, mustahkam qurilgan binolar, er osti o`tish yo`llari va boshqa yashirinish mumkin bo`lgan joylarda muhofazalanish;
- ochiq maydonda yurgan hollarda pastliklar, chuqurliklar va barcha xavfsiz erlarga yotgan holda himoyalanish;
- buzilgan binolarga kirish, xavfli ustunlar, reklama ustunlari va daraxtlar ortiga yashirinish taqiqlanadi;
- kuchli shamoldan so`ng elektr va gaz jihozlaridan ular tekshirilgandan keyin foydalanish talab etiladi.
Shu o`rinda Favqulodda vaziyatlar vazirligi avtomobillarni daraxtlar ostida qoldirmaslikni tavsiya etadi.






