1

Yangi uy uchun ipoteka krediti foizlari qancha? Eski uylarga-chi?

Jamiyat 27.05.2022, 17:11
Yangi uy uchun ipoteka krediti foizlari qancha? Eski uylarga-chi?

Joriy yil 17 mart sanasida Markaziy bank qarori bilan respublikamizda asosiy stavka yillik 17 foizga oshirilgani aholining juda ko`p xavotirlarga sabab bo`lganidan xabaringiz bo`lsa kerak. Markaziy bankning bunday keskin qaroriga esa tashqi iqtisodiy sharoitlarda yuzaga kelgan yuqori noaniqlik va keskinliklar sabab bo`lgani Joriy yil 8 aprelda qabul qilingan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Markazlashgan manbalar hisobidan ipoteka va ta`lim kreditlari uchun ajratiladigan mablag`lar bo`yicha foiz stavkalarini belgilash to`g`risida” qaror ham ana shular jumlasidan edi.

Mazkur qarorga ko`ra, Moliya vazirligi tomonidan tijorat banklariga ipoteka va ta`lim kreditlari uchun ajratiladigan resurs mablag`lari bo`yicha foiz stavkalarini 2022 yil yakuniga qadar, amaldagi foiz stavkalarida, ya`ni ipoteka krediti bo`yicha 13 foiz (tijorat banklari tomonidan 17-18 foiz), ta`lim krediti bo`yicha 10 foiz (tijorat banklari tomonidan 14 foiz) miqdorida saqlab qolish belgilangandi. Xo`sh, bugungi kunda ushbu talab yurtimizdagi tijorat banklari tomonidan qanchalik amalga oshyapti? Banklar bugungi tashqi iqtisodiy noaniqlik sharoitida ham o`z mijozlariga Prezidint qarorida belgilangan talabni bajarishni eplay olyaptimi? Ushbu sahifada ana shu masalada foydali ma`lumotlarni siz uchun bir joyga jamladik.

QAYSI BANKLARDAN OLSA BO`LADI?

Taqdim etilgan ma`lumotlarga ko`ra, bugungi kunda 8 ta tijorat banklari (Ipoteka-bank, Asaka bank, O`zsanoatqurilishbank, Qishloqqurilishbank, Turonbank, Agrobank, Hamkorbank va Xalq banki) tomonidan “O`zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJ mablag`lari hisobidan birlamchi va ikkilamchi uy-joy bozoridan kvartiralarni sotib olish uchun ipoteka kreditlari ajratilyapti.

FOIZLARI QANDAY, BOShLANG`ICh BADAL MIQDORI-ChI?

Markaziy bank mas`uli taqdim etgan ma`lumotda qayd etilgan banklarda ipoteka krediti uchun amal qilayotgan foizlar va miqdorlarni bilish uchun har biri bilan bog`lanib ma`lumotlarni to`pladik. Ma`lum bo`lishicha,ipoteka kreditini taklif etayotgan 8 ta tijorat banklarining barchasida 20 yil muddatga 327,250 000. so`mdan 416, 500 000 so`mgacha miqdorda yillik 17-18 foiz stavkasida ipoteka kreditlari ajratilmoqda. Barchasida olinadigan ipoteka kredit miqdorining boshlang`ich badal to`lovi 15 foizni tashkil etadi. Imtiyozli davr esa mijozning xohishiga ko`ra, 6 oygacha etib belgilangan.

TALAB QILINADIGAN HUJJATLAR:

Aynan birlamchi bozor uchun taklif qilinayotgan kreditni rasmiylashtirish uchun asosan quyidagilar talab qilinadi:

  • ariza;
  • qarz oluvchining (birgalikda qarz oluvchining) pasportining asl nusxalari;
  • pudrat tashkiloti bilan tuzilgan uy-joy sotib olish bo`yicha shartnoma;
  • qarz oluvchi (birgalikda qarz oluvchi) tomonidan oxirgi 12 oy mobaynidagi (12 oydan kam ishlagan taqdirda-ishlangan davr uchun) olgan daromadlari to`g`risidagi ma`lumotnomalari.

Banklar o`z qoidalaridan kelib chiqib qo`shimcha hujjatlar talab qilinishi mumkin.

ESLATMA UChUN:

Barchabanklarda to`lov grafigi annuitet yoki differensial usulida belgilanadi.

JARIMA VA PENYaLAR

Kredit bo`yicha asosiy qarzni to`lash shartlari buzilgan taqdirda, muddati o`tgan qarzdorlik miqdori bo`yicha foiz stavkasi ushbu muddati o`tgan qarzdorlik paydo bo`lgan kundan boshlab 1,5 barobarga oshadi;

Kechiktirilgan foizlar uchun penya - kuniga 0,1%;

Garov ta`minoti - kredit summasiga nisbatan kamida 125%.

UNUTMANG!

O`zbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasi pasaytirilgan taqdirda, kredit bo`yicha foizlar mutanosib ravishda kamayadi, oshirilgan taqdirda esa o`zgarishsiz qoladi.

IKKILAMChI BOZOR UChUN HAM IPOTEKA BORMI?

Kichik surishtiruvimizda ma`lum bo`lishicha, ayni paytda “Xalq banki” tomonidangina  ikkilamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun ham ipoteka kredit taqdim etilayotgan ekan. Yillik foizi stavkasi: 25 %, dastlabki to`lov esa 26 % miqdorni tashkil etadi.

Shuningdek, kreditning maksimal miqdori:

  • yakka tartibdagi uy-joy sotib olish uchun ajratiladigan kreditning eng ko`p miqdori - amaldagi bazaviy hisoblash miqdorining 2 500 barobarigacha;
  • ko`p kvartirali uydan kvartira sotib olish uchun ajratiladigan kreditning eng ko`p miqdori - amaldagi bazaviy hisoblash miqdorining 2 000 barobarigacha.

Amal qilish muddati 15 (o`n besh) yilgacha imtiyozli davri esa 12 oygacha (mijozning xohishiga ko`ra) etib belgilangan.

TALAB QILINADIGAN HUJJATLAR ESA...

  1. Qarz oluvchi va birgalikda qarz oluvchilarning pasporti (ID kartasi);
  2. Daromadi to`g`risidagi ma`lumot;
  3. Sotib olinadigan uy-joyning kadastr hujjatlari;
  4. Mustaqil baholash tashkilotining hisoboti;
  5. Sotuvchi va oluvchi o`rtasida dastlabki shartnoma.

Kredit ta`minoti:

Sotib olingan uy-joyning o`zi garovga olinadi.

Kredit ajratish shakli:

Uy-joy sotib olish uchun uy sotuvchining bank kartasiga o`tkaziladi.

Maftuna JO`RAEVA tayyorladi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1