AsosiyJamiyat

Mahalla raisligiga nomzodlarga nisbatan talabchanlik kuchaydi — Tanzila Norboeva

'Mahalla raisligiga nomzodlarga nisbatan talabchanlik kuchaydi — Tanzila Norboeva'ning rasmi

Senat yalpi majlisida shu kunlarda mamlakatimizda davom etayotgan mahalla raislari saylovi masalasiga e`tibor qaratildi.

Senat raisi  Tanzila Norboeva mahallani qo`llab-quvvatlash, har tomonlama rivojlantirish hamda uni chin ma`noda aholiga eng yaqin tuzilmaga aylantirish bo`yicha salmoqli ishlar amalga oshirilayotganini ta`kidladi. Hozirda davlat boshqaruvi tizimida asosiy bo`g`in sifatida ularning vakolatlari, aholi muammolarini bevosita hal qilish borasidagi imkoniyatlari kengaymoqda.

- Mahalla raislari sayloviga jiddiy tayyorgarlik ko`rildi, -dedi T.Norboeva. - Barcha hududlarda saylov jarayonlarini tashkil etishga ko`maklashuvchi komissiyalar, ishchi guruhlar tuzildi va ularning faoliyat yo`nalishlari aniq belgilab qo`yildi. Hozirda ular joylarda saylov jarayonlarining ochiq-oshkora, xolis bo`lishiga har jihatdan yordam bermoqda.

Bugungi kungacha mavjud 9 ming 349 mahalladan 90,5 foizida saylovlar o`tkazildi. 22 311 nafar tavsiya etilgan nomzod uchun ovoz berish jarayonida 1,8 mln nafardan ortiq fuqarolar vakillari ishtirok etdi.

“Bu yilgi saylovlar bilan bog`liq alohida bir jihatga to`xtalib o`tmoqchiman. Tan olish kerak, avvallari mahalla raisi sayloviga odamlarda qandaydir befarqlik kayfiyati bor edi. Nega deganda, ularda arzimagan muammoni ham hal etishga na vakolat, na imkoniyat bo`lgan. Hozir ularga vakolat ham, kerak bo`lsa mablag` ham ajratilyapti. Buni aholi tushunib, nomzodlarga nisbatan talabchanlik bilan munosabat bildirmoqda. Shuni e`tiborga olgan holda mamlakatimizda jamoat boshqaruvida mahalla faoliyatining ahamiyatini oshirish, uni xalqqa amaliy yordam ko`rsatuvchi mustaqil, kuchli va ta`sirchan fuqarolik institutiga aylantirish borasidagi ishlar davom ettiriladi”, - dedi Senat raisi.

Prezidentimiz tomonidan barcha darajadagi davlat tashkilotlari oldiga bejizga “mahallalar kesimida ishlash”, “xalq ichiga kirish”, uning “dardiga quloq solish”, “tashvishiga sherik bo`lish” va “muammolarni joyida hal etish” kabi talablar quyilmayapti.

Shu jihatdan senatorlar ham o`z faoliyatida mana shu tamoyillarni ustuvor bilib, bu borada olib borayotgan ishlarni muntazam davom ettirishi kerakligi majlisda alohida ta`kidlandi.

    Boshqa yangiliklar