Senat yalpi majlisida «Er uchastkalarini kompensasiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yish tartib-taomillari to`g`risida»gi qonun ma`qullandi.
Senat raisi Tanzila Norboeva qonun xalqimizni qiynab kelayotgan ayrim muammolarga barham berishini qayd etdi. Davlat idoralari tomonidan o`zboshimchalik bilan er uchastkalarini olib qo`yish, bino va inshootlarni buzib tashlash holatlariga chek qo`yiladi. Asossiz «snos»larga barham beriladi.
Bundan buyon er uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yilishida mulk huquqining ustuvorligi, xususiy mulkning daxlsizligi, ochiqlik va shaffoflik ta`minlanadi.
Qonunga muvofiq, er uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yilishi munosabati bilan zararlarni o`rnini qoplash bo`yicha respublika va hududiy darajada jamg`armalar hamda kompensasiya komissiyalari tashkil etiladi.
Er uchastkasini olib qo`yish bo`yicha tashabbus mahalliy Kengashlarning majlislarida OAV va jamoatchilik vakillari ishtirokida ochiq ko`rib chiqiladi, natijalari e`lon qilinadi.
Qonunda er uchastkalarining kompensasiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yilishiga asos bo`ladigan holatlarning aniq ro`yxati ko`rsatilmoqda. Er uchastkalarining har qanday boshqa maqsadlarda olib qo`yilishini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yish sifatida talqin etish qat`iyan taqiqlanadi.
Buzilishga tushgan hududda joylashgan erga bo`lgan huquq mavjud bo`lmay turib, 15 yil davomida ko`chmas mulkka halol, oshkora va uzluksiz egalik qilib kelgan shaxslarga ham ushbu ko`chmas mulk ob`ekti uchun soliqlar to`lab kelingani tasdiqlangan taqdirda, mazkur ko`chmas mulk ob`ekti qiymatining o`rni qoplanadi.
Yana bir muhim jihat. Qonunni ishlab chiqishda milliy an`ana va qadriyatlarga ham alohida e`tibor qaratilgan. Ya`ni bitta mahalla yoki ko`chada yashovchi huquq egalari va ularning oila a`zolari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, madaniy qadriyatlarni saqlab qolish maqsadida huquq egalarining xohishiga ko`ra, ularga bitta mahalla yoki ko`chada joylashgan yangi uylar berilishi belgilanmoqda.






