Sevimli

Nuriddin HAMROQULOV: “To`ydan yig`lab qaytgan kunim ham bo`lgan...”

Madaniyat 29.05.2022, 14:15
Nuriddin HAMROQULOV: “To`ydan yig`lab qaytgan kunim ham bo`lgan...”

Ajab sirlar bormish subhi saboda,

Umr aks etarmish oqar daryoda.

Umid yulduzlari porlar samoda,

Men baxtim topgayman qay dilrabodan

Bizni ham sevguvchi bordir dunyoda...

O`zbekiston xalq artisti Nuriddin Hamroqulovning taronalari o`z davrida musiqaga oshno yuraklarga to`fondek otilib kirgandi. Shu boismi, turli yoshdagi muxlislarga ega san`atkorning qo`shiqlari bugungi kunda ham o`z qadrini yo`qotgani yo`q. Ularni hamon sevib tinglovchi, sog`inguvchilar va qo`shiqlarini qayta-qayta kuylovchilar ko`p...  

“Birinchi ustozim radiokarnay edi...”

— Ajdodimizda san`atkorlar yo`g`-u, lekin onam rahmatli dutor chertishga ko`p havasmand edi. Yangi kelinlik davrida otam rahmatli bir qop bug`doyni sotib, puliga dutor sotib olib bergan ekan. Bolaligim urushdan keyingi qahatchilik yillariga to`g`ri kelgandi. U paytlarda hamma ro`zg`or tashvishidan boshqa narsani o`ylamasdi. Mening musiqaga ishtiyoqim bilan birovning ishi ham, rag`bati ham bo`lmagan. Ko`chamizdagi simyog`ochga katta radiokarnay o`rnatilgandi. Mol-hol, dastyorlikdan ortgan bolalar o`sha radiokarnaydan Jo`raxon Sultonov, Ma`murjon Uzoqov, Halima Nosirova, Ortiqxo`ja Imomxo`jaev, Zaynab Polvonova, Faxriddin Umarov kabi san`at ustalarining xonishlarini eshitardik. Konsertlar qay vaqtda efirga uzatilishini yoddan bilganim uchun, yumushlarimni shu vaqtga to`g`rilab bitirib, jon qulog`im bilan ashula eshitishga oshiqardim. O`sha radiokarnay menga birinchi musiqiy saboq vazifasini o`tagan.

Sahnaga ilk qadam...

— Yoshligimdan qiziquvchan bola edim, nuqul o`zimdan kattaroq, bilimdonroq, tajribaliroq bolalar bilan o`rtoq bo`lishga intilardim. Ulg`ayganimdan keyin ham doimo olim-u fuzalolar davrasiga oshiqdim, ularning suhbati, o`gitlaridan bahramand bo`lish, tajriba orttirishga harakat qilardim. O`rta maktabni bitirganimdan keyin Madaniyat uyi qoshidagi Xalq teatriga qatnashib yurdim. 1967 yili Yo`ldosh Oxunboboev nomidagi Andijon viloyat musiqali drama va komediya teatriga ishga o`tdim. Bu sahnada “Nurxon”, “Ravshan va Zulxumor”, “Oshiq G`arib”, “Farhod va Shirin” kabi asarlar o`ynalardi. Menga ham bu mashhur spektakllardagi bosh rollar nasib etdi. Chunki qahramonlar albatta kuylashi kerak bo`lardi. Qo`shiqlarda obraz yaratishni teatrda o`rganganman. Yuz, ko`z ifodalari, tana harakatlari, talaffuz... Teatrdagi faoliyatim keyingi ijodiy muvaffaqiyatlarimga o`z hissasini qo`shdi, deya olaman.

“Katta mojaro bo`lgan”

— Teatrda faoliyat yuritish davomida yakkaxon xonandalik haqida ko`p o`ylardim. 1980 yilda Andijonda filarmoniya ochildi. Yakkaxon qo`shiqchilik faoliyatimni o`sha joyda boshlaganman. “Nargiz” ansamblini tuzganmiz. 80-yillarda birinchi bo`lib lirik qo`shiqlarning ichiga vokal cholg`u ansambllarini elektron asbob sintezator gitaralarni olib kirganman. Mengacha lirik qo`shiqlarda hech qachon gitara sintez chalinmagan. Yangilikka doim qarshi turuvchilar topiladi. “Bu ansambling bilan televizorga chiqarmaymiz”, degan katta mojaro bo`lgan. Konsert qilganda shu asboblar bilan konsert qilmaydigan bo`lsam, chiqmay qo`ya qolaman, deganman. Bu masala kattalashib, Markazkomgachayam etib borgan. Lekin hayriyatki, u erda menga ruxsat berishib elektrogitara sintezatorlarni o`zbekona usulda chaliib olib chiqqanmiz.

“Qattiqqo`l ota bo`lishga harakat qildim”

— Teatrda faoliyat yuritayotganimga bir yil bo`liboq meni uylantirish masalasi ko`ndalang qo`yildi. Sanobarxon bilan qo`shni bo`lib ulg`ayganmiz. “Shu qiz senga ma`qulmi?” “Hali yosh-ku, buningiz?” “Yosh emas, bu yil 18 ga to`larkan”, “Sizlarga ma`qul bo`lsa bo`pti-da...” degan savol-javoblardan so`ng kelinlikka nomzod bir ovozdan ma`qullanib, to`y taraddudi boshlanib ketdi. 1968 yilning 5 sentyabrida turmush qurdik. Ikki qiz, ikki o`g`ilning ota-onasi bo`ldik. Oilada farzandlarimni erkalatib yubormaslikka, qattiqqo`l ota bo`lishga harakat qildim. Lekin shirin so`zimni ham ayamadim. Yaratganga shukronalar aytamanki, ota sifatida g`ururlansam, arziydigan farzandlar bo`lib etishishdi. Oybekning san`atkor bo`lishiga qarshilik qilib, huquqshunoslikni maslahat bergandim. Ammo u san`at yo`lini tanladi. Donobek o`g`lim Yuridik institutni tugatgan bo`lsa-da, qo`shiq kuylayapti. Baribir qonda bori, yuzaga chiqmay iloji yo`q ekan. Shuncha yil umringni bag`ishlangan ishingni farzandlaring davom ettirayotgani ham baribir yoqimli.

“To`ylarning mas`uliyati katta edi...”

— Kechasi xizmatdan qaytganimda eshigim oldida turli viloyatlardan kelgan mashinalari qator tizilib turardi. Ba`zilari meni kutib mashina ichida mudrab qolishgan ham bo`lardi. Poyloqchilarni bezovta qilmaslik uchun orqa ko`chadan aylanib, mashinamni qo`shninikiga qoldirib, o`rtadagi darchadan uyga kirardim. Ertalab uyqudan uyg`onishim bilan ularni chaqirib, dasturxon yozib muomala qilardim. Qozonda qaynab turgan sho`rvadan yarim kosadan ichib, to`y kunini belgilardik. Xalqimizning tabiati qiziq, bir nimani niyat qildimi, amalga oshirmaguncha qo`ymaydi. Bolasi tug`ilgan kunda “yo Sherali, yo G`ulom, yo Nuriddinni olib kelaman,” deb ko`ngliga tugib qo`ysa, bu niyat ovoza bo`lishga ham ulguradi. Bu niyatini ko`ngilga tugib, qancha chaqirim yo`l bosib keladi-yu, bormay bo`ladimi? Mavsum payti to`yni to`yga ulab, bir hafta, o`n kun deganda uyga qaytardik. Va`da berib qo`yilgan 20-30 ta to`yni o`ylab, doim elkamni tog` bosib turganday bo`lardi. Bir yili andijonlik qadrdonim to`y qiladigan bo`ldi. Vaqtim bilan hisoblashib kunini belgiladi. Qayta-qayta so`rab, va`damni oldi. Qadrdonimni ishontirdim. Lekin to`yga uch kun qolganda meni Obkomga chaqirib, boshqa bir vazifani bo`ynimga qo`yishdi. Ya`nikim, do`stimning to`yi kuni men boshqa bir to`yga borishim kerakligi qat`iy uqtirildi. “Kechirasiz-u, o`sha kuni men bir insonning to`yiga borishni va`da qilganman....To`y ataylab men band bo`lmagan kunga belgilangan. Lafzsizlik qilish juda noqulay” deya gapirdim. Lekin “Bormay ko`ringchi...” degan javobni oldim. Obkomdan chiqiboq, ming xijolat bilan bor gapni to`y egasiga tushuntirdim. Uning “Boravering...” deya aytgan o`kinchli so`zlari meni batttar ezdi. Ko`nglim vayron bo`lib yo`lga tushdim. O`sha mendan boshqa ko`plab hofizlar xizmat qilayotgan to`yda to`rttagina ashula aytdim. Xayr xo`shlashib, to`yxonadan uzoqlashar ekanman xjolat, alam va ilojsizlikdan ko`zlarimga yosh keldi. Uyga etib borgunimcha “Nuriddin Hamroqulov kelarkan...” degan ovozasi tarqalgan to`y allaqachon tugab, tong yorisha boshlagandi... Ana shunaqa voqealar ham bo`lib turardi. 

Hayotiy haqiqatlar…

— Insonning 25 yoshgacha bo`lgan katta-kichik nuqsonlari “yoshlik-beboshlik”ka yo`yilarkan. Ammo undan u yog`iga hayotning jiddiy va asosiy davri boshlanadi. Risoladagidek oila qurish, farzand ko`rib, o`zi istaganidek tarbiyalash, uyli-joyli qilish bilan birga davlat ishini ham eplash, mahalla ko`yda obro` orttirish... Ana shulardan eson-omon o`tib, etmishga etib olish qahramonlik ekan. Negaki, umringizning eng qiyin davri ham shu oltmishgacha bo`lgan davr. Bundan keyin yo`qotiladigan narsaning o`zi yo`q, sog`liq ham, quvvat ham sarflab bo`lingan. Farzand tarbiyasi ham yo to`g`ri, yo noto`g`ri tomonga yo`naltirilgan. To`g`ri bo`lsa osh eysiz, noto`g`ri bo`lsa toshga ro`para bo`lasiz. Siz birovning mushugini “pisht” deyolmaganingizday, birovning ham sizning mushugingiz bilan ishi yo`q. U yog`iga sakson, to`qsonni ko`zlab ketaverasiz... Ilohim, qariganda o`tgan umridan minnatdor bo`lib yashash har bir insonga nasib etsin.

Tuhfa NAZAROVA suhbatlashdi

Sharhlar