1

Nega bolalar tug`ma yurak nuqsoni bilan tug`iladi?

Salomatlik 29.05.2022, 15:31
Nega bolalar tug`ma yurak nuqsoni bilan tug`iladi?

So`nggi paytlarda bolalarning tug`ma yurak nuqsoni bilan dunyoga kelishi nisbatan ko`paygan. Bolajonlarning bunday holatda tug`ilishiga nimalar sabab bo`ladi? Ona homilador vaqtida sog`lom farzandni dunyoga keltirishi uchun nimalardan ehtiyot bo`lishi zarur? Ushbu savollarga tibbiyot fanlari doktori, professor Hakimjon ABROLOV batafsil javob berdi. Unda shunday deyilgan:

— Tug`ma yurak nuqsonlari yoki  umuman tug`ma anomaliyalarning rivojlanishiga, asosan, oltita faktor ta`sir qiladi. Bular:

- homilador ayollardagi anemiya;

- ayolning  surunkali  yoki  o`tkir infeksiyali  kasalligi;

- virusli  kasalliklar;

- garmonal faktor;

- neyrogumoral faktor;  

- yaqin qarindoshlar o`rtasidagi nikoh.

Kamqonlik, homiladorlikning dastlabki uch oyligida ayolning grippga chalinishi va bunga qarshi davolanmasligi, qolaversa, buyrak va boshqa a`zolardagi surunkali xastaliklar, onada uchraydigan turli infeksiyalar va virusli kasalliklar homilaning sog`lom rivojlanishiga imkon bermaydi.

Natijada bolada tug`ma nuqsonlar paydo bo`lishi mumkin. Bu muammoning oldini olish uchun homiladorlikni rejalashtirishdan oldin bo`lajak ota-ona tor doiradagi mutaxassislar ko`rigidan o`tib, kasallik aniqlansa, davolanishi lozim.

Buning eng samarali yo`li homilador ayollarni skrining ko`rigiga o`z vaqtida jalb etishdir. Bugun mamlakatimizda ona-bola skrining xizmati rivojlanib borayapti. Qolaversa, tug`uruq majmualarida har bir chaqaloq chuqur ko`rikdan o`tkaziladi. Bolada tug`ma nuqson bo`lsa, shu erning o`zida aniqlash imkoni mavjud.

Tug`ma yurak nuqsonlarining turlari juda ko`p. Shu bois davolash ishlari kasallikning turiga qarab belgilanadi. Deylik, ochiq arterial protok —shunday turlardan biri.  

Bola olti oylik bo`lgunicha, organizmdagi fiziologik o`zgarishlar tufayli bu tug`ma yurak nuqson turi kichik hajmda bo`lsa, o`z-o`zidan yopilib ketish  imkoni bo`ladi.

Qisqasi, har bir kasallikni davolashning o`z standartlari bor. Davolash ishlarini shu asosda tashkil etish uchun bemor doimo shifokor kuzatuvida bo`lishi lozim, - deydi mutaxassis.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1