O`zbekistonda YPX xodimlari tasvirini ruxsatsiz tarqatganlik uchun BHMning 50 baravari miqdorida jarima yoki 15 sutka muddatga ma`muriy qamoqqa olish taklifi rad etildi.
Bugun, 30 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo`lib o`tgan fraksiya yig`ilishida shunga oid Qonun loyihasi olib tashlangan.
O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi bunga sabab bo`lgan omillarni keltirib o`tdi.
"Yo`l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Jinoyat kodeksi, Jinoyat-prosessual kodeksi va Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi birinchi o`qishda fraksiya majlisida ko`rib chiqilishi kerak edi. Qonun loyihasida oxirgi vaqtlarda keng jamoatchilik tomonidan faol muhokama qilinayotgan yo`l harakati xodimlarini video va fototasvirga olib tarqatish masalasida ham katta miqdorda jarima belgilanishi ko`zda tutilgan. Unga ko`ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini ular o`z xizmat burchlarini, ya`ni jamoat xavfsizligini ta`minlash bilan bog`liq xizmat vazifalarini bajarish chog`ida olingan foto va videotasvirlarni ularni obro`sizlantirish yoki xaqorat qilish maqsadida internet axborot tarmog`ida joylashtirish bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorda jarima yoki o`n besh sutka muddatga ma`muriy qamoqqa olishga sabab bo`lishi ko`rsatilgan.
Mamlakatimizdagi katta ijtimoiy-siyosiy islohotlar ochiqlik, oshkoralik, xalq oldida hisobdorlik, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga asoslanayotgan davrda huquq-tartibot xodimlarining faoliyati foto va video tasvirlarga olinishi cheklanishi noto`g`ri yondashuv ekani aytildi. Yuqoridagi omillarga asosan qonun loyihasini fraksiya majlisida ko`rib chiqish rad etildi" — deyiladi XDP xabarida.






