AsosiyJamiyat

Korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir qilish bo`yicha Andijon o`tgan 3 oyda eng yuqori o`rinlarni egalladi

'Korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir qilish bo`yicha Andijon o`tgan 3 oyda eng yuqori o`rinlarni egalladi'ning rasmi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan har oyda korrupsiyaga oid islohotlar natijadorligi va aholining korrupsiyaga  murosasizligini baholashga qaratilgan reyting baholash ishlari olib borilmoqda.  Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Axborot xizmati yozmoqda.

Ushbu reyting baholash ishlari natijalariga ko`ra, Andijon viloyatida barcha ko`rsatkichlarda salbiy tendensiya kuzatilmoqda.

Masalan, korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir qilish bo`yicha viloyat o`tgan 3 oyda eng yuqori o`rinlarni egallab turibdi. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga aholisi korrupsiya bo`yicha eng ko`p murojaat qiladigan hududlar ichida Respublikada 1-o`rinni band etmoqda

Ushbu raqamlar ko`rsatib turibdiki, Andijon viloyatida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish tizimini tubdan qayta ko`rib chiqish kerak.

Andijon viloyat Korrupsiyaga qarshi hududiy kengashining kuni-kecha bo`lib o`tgan navbatdagi  yig`ilishida shu haqda so`z bordi. 

Yig`ilishda, ayniqsa, viloyat, shahar va tuman hokimliklarida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining bugungi kundagi holatiga alohida e`tibor qaratildi. 

Tahlillarga ko`ra, 2021 yilda 22 nafar shaxsga nisbatan 18 ta jinoyat ishi sudga yuborilgan. Ular o`zlashtirish, firibgarlik, mansab vakolatini suiiste`mol qilish hamda pora olish kabi jinoyatlarni sodir qilgan.

Mazkur jinoyatlarga qo`l urganlarning 4 nafari viloyat hokimligi, 18 nafari tuman va shahar hokimliklarining xodimlari hisoblanadi.

Yig`ilishda bu kabi raqamlar Davlat rahbari boshchiligidagi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi islohotlarga soya solib, xalq ishonchiga putur etkazayotgani qayd etildi. Ushbu jinoyatlarning chiqish sabablari, hozir va kelgusida ularning oldini olish uchun ko`riladigan choralar to`g`risida esa viloyat prokurori, mas`ul hokim o`rinbosari axborot berdi.  

Muloqotlar davomida viloyat Korrupsiyaga qarshi hududiy kengashi o`z zimmasidagi vazifalarni samarali bajara olmayotgani ham tanqid qilindi.  

Ta`kidlandiki, 2021 yil yakunlari bo`yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlarining reyting baholash natijalariga ko`ra, Andijon viloyati 9-o`rinni egallagani ham  shundan dalolat berib turibdi. 

Bir oydan so`ng 2022 yilning birinchi yarim yilligi bo`yicha hududlar xuddi shunday baholanadi va barcha natijalar ommaviy axborot vositalarida e`lon qilinib,  Milliy kengash yig`ilishida muhokama qilinadi. Lekin bu davrda ham viloyat hududiy Kengashi tomonidan ijobiy natija ko`rsatish uchun arzirli amaliy ish yoki tashabbusni ko`rmayapmiz. Kengash a`zolari korrupsiyaga qarshi kurashish borasida a`zo sifatidagi mas`uliyatni qanchalik his qilmoqda,  viloyatda, o`z tizimida korrupsiyani kamaytirish uchun qay darajada harakat qilmoqda – bu kabi savollarni Kengashning har bir a`zosi o`ziga qayta va qayta berishi kerak, deb o`ylayman, - dedi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o`rinbosari U.Tuxtasheva.   

Yakunda ishtirokchilar tomonidan kelgusida viloyatda korrupsiyaning oldini olish ishlarini takomillashtirish  yuzasidan maqsad va vazifalar belgilab olindi.  Xususan, Kengash faoliyati samaradorligini yanada oshirishda e`tibor qaratilishi va hal etilishi lozim bo`lgan jihatlar atroflicha muhokama etilib, Kengash a`zolari mas`uliyatini oshirish bo`yicha aniq choralar ko`rishga kelishib olindi.

 

    Boshqa yangiliklar