Davlatimiz rahbari topshirig`iga asosan tuzilgan o`ttizga yaqin vazirlik va idora rahbarlaridan tashil topgan Respublika ishchi guruhining Toshkent shahridagi uch kunlik ommaviy qabullari ham bir haqiqatni yana bir bor isbotladi: hayot davom etar ekan, inson bor ekan, murojaatlar bo`lishi tabiiy va Prezidentimiz asos solgan xalq bilan muloqot tizimi bois ko`plab insonlarni ancha vaqtdan beri o`ylantirib kelayotgan masalalarga echim topilmoqda.
“Ommaviy qabullar uch oyligi” doirasida Sergeli, Chilonzor, Yunusobod tumanlarida tashkil qilingan ochiq-jonli muloqotlar maydonida o`ttizga yaqin vazirlik, qo`mita va respublika tashkilotlari rahbarlari qariyb 2 ming 270 ta masalani ko`rib chiqqan bo`lsa, deyarli har uch masaladan bittasi joyida hal qilindi.
Ichki ishlar vazirligi mas`ullari ko`rib chiqqan 265 ta murojaatning 137 tasi shu erda hal qilib berildi. Aytaylik, 2013 yili ichki ishlar tizimidan ishdan bo`shatilgan Jasur Rahimov sud-huquq sohalarida amalga oshirilgan islohotlar tufayli huquqiy maydonda o`zining haqligini isbotlashga erishdi. Avval tashkil qilingan xuddi shunday ommaviy qabullardagi murojaatidan so`ng uning ishi Oliy sudda ko`rilib, oqlov hukmi chiqarilgan edi. Bu galgi muloqotlar maydonidagi murojaatidan so`ng esa Jasur Rahimov ichki ishlar tizimiga ishga qabul qilindi. Oradagi 9 yillik uzilish uning ham xizmat muddatiga qo`shildi.
Bu jarayonda yashnobodlik sobiq ichki ishlar xodimi Narimon Bekqulovning ham ko`p yillik masalasiga echim topildi. Ancha yil muqaddam ishdan tashqari vaqtda katta janjalning oldini olishga harakat qilib, buning oqibatida og`ir tan jarohati ham olgan kapitan Bekqulov batafsil tekshiruvlarsiz ishdan bo`shatilgan ekan. Biroq bunda uning aybdor emas, aslida jabrlanuvchi ekani inobatga olinmagan.
Ommaviy qabuldagi murojaatidan so`ng Ichki ishlar vazirligi rahbariyati bu ishni tezkor va batafsil o`rgangach, Narimon Bekqulovni ichki ishlar tizimiga ishga tiklaydigan bo`ldi.
Yakkasaroylik Karina Pankratovaning Bosh prokuratura mas`ullariga aytishicha, poytaxtimizdagi qurilish korxonalaridan biri ular yashayotgan Yakkasaroy tumani Mirobod ko`chasidagi hududda qurilish qilmoqchi, biroq bu maydon aslida xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga biriktirib berilgan. Bu masala Toshkent tumanlararo ma`muriy sudida ko`rilgan va aholi foydasiga hal qiluv qarori chiqarilgan, Toshkent shahar ma`muriy sudi appelyasiya instansiyasi esa bu qarorni bekor qilgan. Karina opa va mahalladoshlari bu masalani har tomonlama chuqur, batafsil o`rganishni va Yakkasaroy tumani qurilish bo`limining bu boradagi ruxsatnomasini haqiqiy emas deb topishni so`ramoqda.
Ularning bu boradagi murojaatlari asosida Toshkent shahar prokuraturasi Toshkent shahar ma`muriy sudi appelyasiya instansiyasining qarorini bekor qilish bo`yicha protest keltirdi. Karina Pankratova mas`ullarga mazkur protest uchun minnatdorlik bildirarkan, bu masalani yana bir marta nazoratga olishni so`radi. Ushbu protest asosida mazkur nizoli masala yaqinda Oliy sudda tomonlar va prokuratura vakillari ishtirokida qonuniy-adolatli ko`rib chiqiladigan bo`ldi.
Muloqotlar asnosida Dilorom Imomboevaning sud hukmiga nisbatan protest keltirish, Elmurod Boyxonovning ish haqini undirish yuzasidan sud qarorini ijro qildirish, Muqaddas Sharipovaning tergovda qonuniylikni ta`minlash singari o`rganish va muddat talab qiladigan jami 176 ta masala Bosh prokuratura nazoratiga olindi.
Chilonzorlik tadbirkor Abduraim Alimov avtomashinalar uchun import o`rnini bosuvchi yon oynalar ishlab chiqaradi, 40 nafar kishini doimiy ish bilan ta`minlagan. Yaqinda tadbirkor aylanma mablag`dan qiynalib, buyurtmalarni etkazib bera olmay qolgan. Ayni shu masalaga echim izlab kelgan tadbirkorga Toshkent shahar 2-sektori ko`magi bilan 200 ming dollar kredit ajratilgani yana bir korxonaning barqaror ishlab ketishiga katta yordam bo`ldi.
Qabullardagi xuddi shunday murojaatlar asosida Ozoda Toyirovaga aliment undirib berilgan bo`lsa, Muzaffar Haydarovning kreditdan yuzaga kelgan noreal qarzdorligi bartaraf etib berildi.
Mamlakatimizda inson qadrini ulug`lash, har bir odamning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta`minlash yo`lidagi islohotlar natijasida yashnobodlik Aziza Ashurovaning ham 2004 yili auksion orqali sotib olgan 6 sotix er maydonida uy-joy qurish bo`yicha loyihani tasdiqlatish bilan bog`liq 18 yillik masalasi Qurilish vazirligi mas`ullari bilan muloqotdan so`ng hal qilindi. Ayolning uy-joy barpo qilishga oid loyihasi tasdiqlanib, qurilishga ruxsat berildi. Umuman, Qurilish vazirligi mas`ullari bilan muloqotlardan so`ng shu singari 33 ta masala joyida hal qilindi.
Chilonzorlik Baxtiyor Xo`jaev esa Prezident Xalq qabulxonasiga murojaatidan so`ng 12 yil deganda doimiy foydalanish huquqi asosida turar-joy bilan ta`minlandi.
Davlat soliq qo`mitasi mas`ullariga murojaatdan so`ng uchtepalik tadbirkor Muxlisa Akramovaga ortiqcha hisoblangan qo`shimcha qiymat solig`i qaytariladigan bo`ldi.
Bir so`z bilan aytganda, davlatimiz rahbari topshirig`i asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Toshkent shahridagi ommaviy qabullarida 2 ming 212 ta masala ko`rib chiqilib, ularning 725 tasi joyida hal qilindi. 484 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan bo`lsa, qolgan mingdan ziyod masalani hal qilish bo`yicha aniq muddat va mas`ullar belgilanib, Prezident Administrasiyasi va Xalq qabulxonalari tomonidan nazoratga olindi.






